“Atamboyev siyosiy mahbus emas”. Japarov sobiq Prezidentning jinoyatlari haqida gapirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevni siyosiy mahbus deb hisoblamaydi.  

“Men uni siyosiy mahbus deb hisoblamayman, chunki unda bir emas, o‘nlab jinoiy ishlar bor”, degan Japarov kecha, 23 oktyabr kuni Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida. 

Ta’kidlanishicha, Japarov, shuningdek “Qumtor” oltin koni bilan bog‘liq korrupsiyada gumon qilinayotgan sobiq Bosh vazir Temir Sariyevning hibsga olinishini siyosiy ta’qib sifatida baholamaydi. 

“Sud qaroridan keyin ko‘ramiz”, degan davlat rahbari bu borada o‘z pozitsiyasini bildirib. 

Shu bilan birga, Japarov o‘zining siyosiy sabablarga ko‘ra sudlanganini aytgan. 

“Men o‘g‘irlik yoki jinoyatga aloqadorligim uchun emas, balki to‘rt yil avval sodir bo‘lgan ba’zi voqealar uchun qamalganman”, deb eslagan u. 

Amaldagi davlat rahbari 2017 yil mart oyida garovga olinganlikda gumon qilinib hibsga olingan va keyinchalik buning uchun qamoq jazosiga hukm qilingan. U koloniyadan ozod qilingan va o‘tgan yilning kuzida sud tomonidan “yangi ochilgan holatlar” asosida oqlangan. 

Avvalroq, Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev 2020 yil oktyabr oyidagi tartibsizliklar bo‘yicha Pervomayskiy tuman sudida o‘tkazilgan dastlabki eshituvlar o‘z ishtirokisiz o‘tkazilishini so‘rab, sudga murojaat qilgani haqida xabar bergandik. 

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston poytaxtining markaziy maydonida o‘tgan yilning 5-6 oktyabr, shuningdek 9 oktyabr kunlarida turli siyosiy kuchlar tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Natijada g‘alabani amaldagi Prezident Sadir Japarov tarafdorlari qo‘lga kiritib, raqiblarni maydonni tark etishga majbur qilishdi. To‘qnashuvlar chog‘ida noma’lum shaxs Atamboyev bo‘lgan mashinaga to‘pponchadan bir necha bor o‘q uzgan, biroq sobiq davlat rahbari jarohat olmagan. Jinoyatchi hali topilmagan.  

Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev birinchi marta 2019 yilning avgustida hibsga olingan. Keyinchalik unga bir nechta ayblovlar qo‘yildi, jumladan yerlarni taqsimlashda korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillikka urinish va hokazo. U bir necha oy oldin sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan tibbiy shifoxonaga ega bo‘lgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Atamboev Japarov

Baholaganlar

283

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing