Japarov qirg‘izistonliklarni xavotirga solayotgan qonunni imzoladi
Olam
−
02 aprel
31508Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Ayrim qonun hujjatlariga (“Notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun va Jinoyat kodeksi (xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi)” o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Qonun loyihasi Jogorku Kenesh (parlament) tomonidan 14 mart kuni qabul qilingan.
Qonun loyihasida Qirg‘izistonda tashkil etilgan va xorijiy davlatlar, ularning davlat organlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar va boshqalardan pul va boshqa mol-mulk oladigan notijorat tashkilotiga huquqiy maqom kiritish taklif etiladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, notijorat tashkilotlar daromadlari, mol-mulki, xarajatlarining hajmi va tarkibi, xodimlarning soni va tarkibi, ularga haq to‘lash, fuqarolarning tekin mehnatidan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sir saqlay olmaydi.
Notijorat tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi vakolatli organga o‘z faoliyati to‘g‘risida, boshqaruv organlarining shaxsiy tarkibi, mablag‘larning maqsadli sarflanishi va boshqa mol-mulkdan, shu jumladan xorijiy manbalardan olingan mulkdan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotni va xorijiy vakillik funksiyalarini bajaruvchi notijorat tashkilotlari, shuningdek, auditorlik xulosasini o‘z ichiga olgan hujjatlarni taqdim etishi shart.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rejali tekshirishlar yiliga bir marta o‘tkaziladi. Qonun e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun o‘tgach kuchga kiradi.
Sadir Japarov nima uchun bunday qonun qabul qilinganiga quyidagicha izohladi:
“Mamlakatimizda 30 yildan beri faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan. Ular hech kimga hisobot bermadi. Ular faqat bank hisob raqamlarini ochib, xorijiy donorlardan pul olib, ularni o‘z ixtiyoriga ko‘ra, shu jumladan shaxsiy maqsadlarda ham ishlatgan. Bundan buyon ular ham boshqalar qatori Adliya vazirligida ro‘yxatga olinadi. Bank hisob raqamlari ochiladi. Endi ular ochiq ish boshlaydi. Avvalgidek tartibsizlik bo‘lmaydi”, deb yozadi u.
Ma’lumot uchun, 15 ta tashkilot, jumladan “Bir dunyo Qirg‘iziston” inson huquqlari harakati to‘rtta xalqaro moliya institutiga “xorijiy vakillar” qonuni loyihasi yuzasidan jiddiy xavotir bildirish uchun xat yo‘llagan. Maktubda ta’kidlanishicha, qonun qabul qilinsa, u Qirg‘izistonning muvaffaqiyatli rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Qirg‘izistonda qabul qilinishi kutilayotgan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasidan xavotir bildirgan, Sadir Japarov esa AQSHdan respublikaning ichki ishlariga aralashmaslikni so‘ragandi.
LiveBarchasi