Qirg‘iziston Falastin xalqiga yordam ko‘rsatishni boshlashga tayyor – Japarov 

Olam

image

Xalqaro hamjamiyat G‘azo sektorida tinch aholiga qilingan hujumlarni keng miqyosda qoralashi kerak. Bu haqda Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining navbatdan tashqari sammitida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.

"G‘azo sektoridagi janglar Falastin xalqi uchun keng ko‘lamli qurbonlar va azob-uqubatlarga olib keldi, bu misli ko‘rilmagan insonparvarlik falokatidir. Begunoh insonlarning, jumladan, go‘daklar va ayollarning halok bo‘lishi qabul qilinishi mumkin emas va bu xalqaro hamjamiyat tomonidan keng miqyosda qoralanishi kerak. Fuqarolar infratuzilmasiga, maktablarga, shifoxonalarga va uylarga qilingan hujumlar nafaqat xalqaro gumanitar huquqning, balki inson huquqlarining jiddiy buzilishidir”, degan Qirg‘iziston Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Falastin xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni boshlashga tayyor. 

“Qirg‘iziston Respublikasi G‘azo sektoridagi tinch aholining azob-uqubatlarini yengillashtirish uchun gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor. Falastinlik birodarlarimizni tashqi tajovuz va begunoh odamlarning qurbon bo‘lishiga chek qo‘yish va insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni umumiy mas’uliyatimiz deb hisoblaymiz”, degan Japarov.

Uning ta’kidlashicha, Falastin xalqi mustaqil davlat yaratish huquqiga ega. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyani G‘azo sektorida “zo‘ravonlikni to‘xtatish va inqirozni hal qilish” uchun qat’iy choralar ko‘rishga chaqiradi.

"Mojaro tomonlari o‘z fuqarolari hayotini himoya qilishni birinchi o‘ringa qo‘yishi va BMTning asosiy hujjatlarida mustahkamlangan xalqaro gumanitar huquqning universal qoidalarini hurmat qilishi juda muhim. Isroil-Falastin mojarosiga yechim izlashda adolat, tenglik va inson huquqlarini hurmat qilish tamoyillari asosiy rol o‘ynashi kerak”, degan Qirg‘iziston rahbari.

Ma’lumot uchun, kecha, 11 noyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida Falastin iltimosiga binoan chaqirilgan Arab Ligasi va IHTning navbatdan tashqari qo‘shma sammiti ochilgan. Sammit Yaqin Sharqdagi mojaroning hozirgi avj olishi bo‘yicha arab va Islom davlatlarining jamoaviy pozitsiyasini ishlab chiqish maqsadida o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur sammitda qatnashgan Qozog‘iston tomoni G‘azo sektori aholisiga oziq-ovqat bilan bog‘liq gumanitar yordam dasturini amalga oshirish uchun Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Islom tashkilotidan foydalanishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Falastin Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing