“Pullarni amaldorlar yedi, endi xalq to‘laydi”. Japarov davlat qarzi haqida gapirdi 

Olam

image

Qirg‘izistonga qarz bergani uchun Xitoyning aybi yo‘q, pullarni hukumat va amaldorlar o‘g‘irlagan. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov "Kabar" agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Tashqi qarz mavzusini unutaylik. Agar tashqi qarzimiz 10-15 milliard dollargacha oshgan taqdirda ham xavotirga o‘rin yo‘q”, degan Japarov.

Unga ko‘ra, 2020 yilda mamlakatning tashqi qarzi qariyb 5 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu miqdor 30 yil davomida to‘plangan Qirg‘iziston qarzini ifodalaydi. "Datka-Kemin" elektr uzatish liniyasi, shimoliy-janubiy muqobil yo‘l qurilishi, issiqlik elektr stansiyasining modernizatsiya qilinishini inobatga olmaganda, ushbu mablag‘dan samarali foydalanilmagan.

"Men uchta loyiha amalga oshirilmasligi kerak edi, demayman. Qirg‘izistonga ushbu loyihalar suv va havodek zarur edi. Ammo ular 40 yildan keyin ham o‘zini oqlamaydi. Loyihalarning qiymati ikki-uch baravar oshirilgan. Agar narxlarni solishtirsangiz, shunga o‘xshash dizayn va qurilishlar Yevropada bu yerdan ancha arzonligini anglaysiz. Yosh bola ham issiqlik elektr stansiyasini qurishga qancha mablag‘ sarflanishini hisoblay oladi. Shimol-janub yo‘li va "Datka-Kemin" podstansiyasi ham aslidan ancha qimmat. Kredit bergani uchun Xitoyning aybi yo‘q. Bunga pullarni o‘g‘irlagan hukumat va amaldorlar aybdor", deydi u.

Japarovning aytishicha, endi qarzni qaytarish uning jamoasi gardaniga tushgan. Shunga qaramay, davlat rahbari to‘lov bo‘yicha muammo bo‘lmasligiga ishontirgan.

“Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hukm surar ekan, biz to‘lay olamiz. Esingizda bo‘lsin: qarzlarni xalq to‘layapti. Byudjetdan to‘layapmiz. Chunki hali o‘zini o‘zi qoplaydigan loyihalar yo‘q. Olingan pullar esa qumga singigan suvdek g‘oyib bo‘lgan”, deydi Qirg‘iziston yetakchisi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing