Atamboyev Qo‘y-Toshdagi to‘qnashuvlarda o‘lishi kerak edi – Asanov
Olam
−
08 Oktabr 2020
39267Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev o‘tgan yili Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi rezidensiyasida yuz bergan tartibsizliklar vaqtida o‘lishi kerak bo‘lgan. Bu haqda Atamboyevni qo‘lga olishga boshchilik qilgan Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov ma’lum qildi.
“Hukumat bergan vazifani bajarishda bitta kamchilikka yo‘l qo‘ydim: men “xato” qildim – Atamboyevni tirik qo‘lga oldim. Bor gap shu. Boshqa hech narsa deyishni xohlamayman”, degan Asanov.
Shuningdek, Kursan Asanov unda o‘ziga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha yetarlicha ma’lumot borligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 8 avgust kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari Atamboyevning rezidensiyasiga kirib, uni qo‘lga olgandi. Qo‘lga olish oson kechmagan. Siyosatchining tarafdorlari organ xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, uni himoya qilishga uringandi. To‘qnashuvlarda bir kishi halok bo‘lgandi.
Shu voqeadan keyin Kursan Asanov ham egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. U Ichki ishlar vazirining ko‘rsatmalarini mensimaslik va ruxsatsiz qarorlar qabul qilishda ayblangan.
Joriy yilning 23 iyun kuni Bishkekning Pervomay sudi Atamboyevga 11 yil qamoq jazosi tayinladi. U sobiq jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qamoqdan chiqarib yuborilishi va korrupsiyada ayblandi.
Ammo Qirg‘izistonda joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin boshlangan tartibsizliklar vaqtida namoyishchilar Atamboyevni qamoqxonadan ozod qildi. Keyinroq Almazbek Atamboyevning ehtiyot chorasi qamoqdan uy qamog‘iga o‘zgartirildi.
LiveBarchasi