“75 lar xati”: IIV rahbarining sobiq o‘rinbosari aybini tan olmadi
Olam
−
21:48 1300 4 daqiqa
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov “75 lar xati” ishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida aybini tan olmaydi. Bu haqda uning advokati Chinara Jakupbekova ma’lum qildi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, bugun, 25 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Asanov murojaatga haqiqatdan ham imzo qo‘yganini tasdiqlagan, biroq hech qanday qonunga zid harakat sodir etmaganini bildirgan.
“Kursan Asanov murojaatni imzolaganini aytdi, ammo hech qanday noqonuniy harakat qilmaganini ma’lum qildi. Unga qo‘yilgan ayblovlarni to‘liq rad etmoqda”, degan advokat.
Jakupbekovaning ma’lum qilishicha, joriy majlisda ayblanuvchilarning ko‘rsatmalarini tinglash yakunlanishi va shundan so‘ng sud asosiy dalillarni o‘rganish bosqichiga o‘tishi kerak. Uning aytishicha, asosiy guvohlarning ko‘pchiligi allaqachon so‘roq qilingan, biroq himoya tomoni qo‘shimcha guvohlarni chaqirish haqida iltimosnoma kiritish niyatida. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sud jarayoni avgust oyida yakunlanishi mumkin.
Avvalroq advokatlar ishni ochiq tartibda ko‘rishga erishgan va 15 iyundan boshlab sud majlislari jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilayotgan edi. Biroq 22 iyun kuni prokurorlar jarayonni yana yopiq tartibda o‘tkazishni so‘radi. Bu iltimosnomani Qamchibek Tashiyev, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Qurmanqul Zulushev va Emilbek Uzakbayev qo‘llab-quvvatlagan. Natijada sudya Aziret Mederov majlislarni qaytadan yopiq tartibda o‘tkazishga qaror qilgan.
Advokatlar ma’lumotiga ko‘ra, MXDQning sobiq raisi Qamchibek Tashiyev, Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li va sobiq deputat Qurmanqul Zulushevga mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ular mamlakatdan chiqmaslik haqida tilxat asosida ozodlikda yuribdi.
Bekbolot Talg‘arbekov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzoqboyev, sobiq deputat Qurmanbek Diykanbayev, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Ali Karashev va Kursan Asanovga mansab vakolatini suiiste’mol qilish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ularning barchasi qamoqda saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatini suiiste’mol qilish ishi bo‘yicha sud majlisidan so‘ng “75 lar xati” figurantlaridan biri Qurmanqul Zulushev Jogorku Kenesh to‘rag‘asi (spikeri) Marlen Mamataliyevning bayonotiga izoh bergandi.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Japarov va Tashiyev tandemi
Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.
Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.
2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.
Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.
So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi