“Atalanta” - “Valensiya” uchrashuvi biologik bombaga tenglashtirildi
Sport
−
26 mart 2020
6899Italiyaning Bergamo shahri meri Jorjio Gori 2020 yilning 19 fevral kuni Chempionlar ligasi doirasida o‘tkazilgan “Atalanta” - “Valensiya” uchrashuviga nisbatan o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda Marca nashri yozmoqda.
“Milanda o‘tgan va 44 000 dan ortiq muxlis kuzatgan ushbu o‘yin — biologik bomba bo‘ldi. O‘sha vaqtda biz nimalar bo‘layotganini bilmagan edik. Italiyada koronavirusga chalingan ilk bemor 23 fevral kuni ma’lum bo‘ldi. Bu bilan stadionga tashrif buyurgan muxlislarning deyarli barchasi infeksiya bilan zararlangan, deya ayta olish mumkin.
Hech kim virus oramizga kirib kelganini sezmagan. Barcha guruh-guruh bo‘lib futbol tomosha qilgan, o‘sha kecha ko‘plab muloqotlar bo‘lgan. Virus esa bir odamdan boshqasiga o‘tib ketavergan.
Ammo ushbu futbol uchrashuvi koronavirus tarqalishiga yagona sabab bo‘la olmaydi. Infeksiyaning haqiqiy o‘chog‘i Alsano Lombardo shifoxonasida yuzaga kelgan. U yerdagi bemor boshqa bemor, hamshira va shifokorlarga ushbu kasallikni yuqtirgan”, dedi mer.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada koronavirusga 74386 nafar odam chalindi. 9362 bemor shifo topgan bo‘lsa, 7503 kishi vafot etdi.