Ashraf G‘aniga boshpana bergan BAA 5 ming afg‘on qochqinini qabul qilmoqchi
Olam
−
21 avgust 2021
6015Birlashgan Arab Amirliklari “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelishi munosabati bilan mamlakatdan evakuatsiya qilingan 5 ming afg‘on qochqinini o‘z hududida vaqtincha joylashtiradi. Bu haqda BAA axborot agentligiga asoslanib xabar berilgan.
“Amerika Qo‘shma Shtatlarining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun BAA Afg‘onistondan evakuatsiya qilingan va uchinchi davlatlarga ketayotgan 5000 afg‘on fuqarosini qabul qilishga rozi bo‘ldi”, deyilgan xabarda.
Unga ko‘ra, fuqarolar “yaqin kunlarda Amerika samolyotlari bilan Qobuldan” olib chiqiladi.
Bu odamlarning BAAdan qayerga va qachon ketishi aniqlanmagan. Hozirda AQSH afg‘on qochqinlarini qabul qilish masalasida bir qator davlatlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
AQSH Prezidenti Jo Baydenga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari 14 avgustdan beri Afg‘onistondan 13 mingga yaqin odamni evakuatsiya qilgan. Ular orasida AQSH va boshqa davlatlarning harbiylari va tinch aholisi, jumladan, “Tolibon”dan qochgan afg‘onlar bor.
Avvalroq, Albaniya, Uganda, Meksika, Kanada va Chili o‘ziga yordam bergan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilayotgan AQSHga yordam taklif qilgandi. Ular afg‘on qochqinlarini o‘z hududida vaqtincha joylashtirish taklifini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Afg‘onistonni tark etgan sobiq Prezident Ashraf G‘ani va uning oila a’zolariga ham boshpana bergandi.
LiveBarchasi