Asad rejimini ag‘dargan isyonchilar yetakchisi kim?

Olam

image

Suriyada Asad rejimi quladi. Isyonchi muxolifat poytaxt Damashqni egalladi. Shom diyorini 50 yildan ortiq vaqt davomida idora qilib kelgan Asadlar oilasi mamlakatni tashlab ketdi.

Kecha, 8 dekabr kuni erta tongdan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirdi va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi.

Asadni ag‘dargan Muhammad al-Jaloniy kim?

Abu Muhammad al-Jaloniy (aslida Ahmad Husayn al-Shara) Suriyadagi jihodchilar harakati yetakchilaridan biri bo‘lib, u yerda “Al-Qoida”ning bo‘limini yaratgan. Uning rahbarligida isyonchilar mamlakatda hokimiyatni egallab oldi. Bugun u markazsizlashtirish, plyuralizm va ochiqlik tarafdori.

Abu Muhammad al-Jaloniy Bashar Asadning hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan hujumga boshchilik qilgan “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi rahbaridir.

U jiddiy siyosiy va harbiy tajribaga ega jihodchilik harakatining arbobi. Al-Jaloniy qo‘llab-quvvatlashga erishish uchun o‘z siyosiy pozitsiyasini bir necha bor o‘zgartirgan va ba’zida hatto buyruqlarga bo‘ysunmay, raqobatchilarni yo‘q qilgan.

“Al-Qoida” bilan aloqalarini uzgan. (“Hayat Tahrir ash-Shom” dastlab uning filiali sifatida yaratilgan) Bugun u o‘z imiji ustida faol ishlamoqda, hokimiyatni markazsizlashtirish, plyuralizm va bag‘rikenglik tarafdori qiyofasini yaratishga harakat qilmoqda.

So‘nggi paytlarda safdoshlari unga Ahmad Husayn al-Shara deb murojaat qilgan. Bu al-Jaloniyning tug‘ilganida unga berilgan haqiqiy ismi. Ekspertlarga ko‘ra, uning jangovar laqabidan voz kechishi radikal mafkuradan voz kechishini anglatmaydi. Suriyaliklarning bo‘linib ketgani va mamlakatda ko‘plab qarama-qarshi kuchlar mavjudligiga ishora qilgan tahlilchilar al-Jaloniyning ekstremistik jihodchidan potensial davlatchiga aylanish g‘oyasiga shubha bilan qaramoqda.

Suriyada Asad rejimi tomonidan bo‘lingan ko‘plab etnik va diniy jamoalar hamda o‘nlab yillar davom etgan nizolar mavjud. Mamlakatda Rossiya, Eron, AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangan turli qurolli guruhlar faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri o‘z manfaatlarini ko‘zlamoqda.

Ko‘p yillar davomida AQSHda terrorchi sifatida tasniflangan al-Jaloniy ekstremistik tashkilotlar ichida manyovrlar qilib, raqiblari va sobiq ittifoqchilarini yo‘q qilgan. Shu bilan birga, u Suriyadagi diniy va etnik ozchilikni tinchlantirishga, turli kuch va guruhlar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilgan.

Bu yo‘lda “Hayat Tahrir ash-Shom” yetakchisi keskin choralar tarafdori bo‘lgan radikal obrazidan xalos bo‘lishga uringan. U Suriya xilma-xilligini yaxshiroq aks ettirish uchun davlat institutlarini yaratish va hokimiyatni markazsizlashtirish zarurligi haqida ko‘p bora gapirgan.

“Suriya bir hukmdor o‘zboshimchalik bilan qarorlar qabul qiladigan tizimga emas, institutsional boshqaruv tizimiga loyiqdir”, degan al-Jaloniy CNN telekanaliga bergan intervyusida.

Uning “Al-Qoida” bilan aloqasi qanday paydo bo‘ldi?

Al-Jaloniyning “Al-Qoida” bilan aloqasi 2003 yilda, u Iroqda AQSH qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan ekstremistlar safiga qo‘shilgan paytdan boshlangan.

U amerikalik harbiylar tomonidan hibsga olingan va bir necha yil harbiy asirlar lagerida yashagan. Aynan shu yillarda “Al-Qoida” Abu Bakr al-Bag‘dodiy boshchiligidagi ekstremistik ISHIDni tuzdi.

2011 yilda Suriya prezidenti Asadga qarshi namoyishlar boshlandi, keyin ommaviy qatag‘onlar, keyin esa harbiy mojarolar avj oldi. So‘ngra al-Bag‘dodiy al-Jaloniyni Suriyaga “Nusra fronti” deb nomlangan “Al-Qoida” bo‘limini yaratish uchun yubordi.

Qo‘shma Shtatlar uni terrorchi tashkilot deb belgilagan, bu maqom hanuzgacha saqlanib qolgan.

Mintaqada ISHIDga qarshi kurash

2013 yilda Suriyadagi fuqarolar urushi kuchaygani sari al-Jaloniyning ambitsiyalari ortdi. U al-Bag‘dodiyning “Nusra fronti”ni tarqatib yuborish va uni “Al-Qoida”ning Iroqdagi bo‘limi bilan birlashtirib, ISHIDni yaratish haqidagi chaqiriqlarini rad etdi.

Biroq al-Jaloniy keyinchalik ISHIDdan ajralib chiqqan va “Al-Qoida”ga sodiqligini e’lon qildi. “Nusra fronti” ISHIDga qarshi kurashgan va Suriyaning Asadga qarshi qurolli muxolifati safidagi raqiblarining ko‘pini yo‘q qilgan.

2014 yildagi birinchi intervyusida al-Jaloniy Suriya islom qonunlari asosida yashashi kerakligini aytgan va mamlakatda alaviylar, shialar, druzlar va nasroniy ozchiliklar uchun joy yo‘qligini ta’kidlagan.

2016 yilda u birinchi marta jamoatchilikka yuzini ko‘rsatib, videomurojaat qilib, o‘z guruhi nomini “Jabhat Fath ash-Shom” – “Suriyani zabt etish fronti” deb o‘zgartirayotgani va “Al-Qoida” bilan aloqalarini uzayotganini e’lon qildi.

“Ushbu yangi tashkilot hech qanday tashqi tashkilotlarga aloqasi yo‘q”, degan u.

Keyinchalik u mustaqil jangarilar bilan qarama-qarshilikka kirishdi, bu al-Jaloniy va uning guruhining mavqeini yanada mustahkamladi: u aslida Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida yetakchi kuchga aylandi.

Al-Jaloniy yoki Al-Shara

O‘z kuchini mustahkamlab, al-Jaloniy ko‘pchilik tasavvur qila olmaydigan o‘zgarishlarga kirishdi. Harbiy kiyimini ko‘ylak va shimga almashtirib, diniy bag‘rikenglik va plyuralizmga chaqira boshladi.

U “Nusra fronti” avvalroq nishonga olgan Idlibdagi druzlar jamoasiga murojaat qildi va Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar tomonidan o‘ldirilgan kurdlarning oilalarini ziyorat qildi.

2021 yilda al-Jaloniy PBS telekanalining amerikalik jurnalistiga birinchi intervyu berdi. O‘shanda pidjak kiyib, sochlari orqaga taralgan al-Jaloniy o‘z guruhi G‘arbga tahdid solmagani va unga qarshi joriy qilingan sanksiyalar adolatsiz ekanini aytgandi.

Xo‘sh, suriyaliklarning yangi rahbari kim bo‘ladi? O‘zining ekstremistik qarashlari va “Islom davlati”ni yaratish zarurligiga qat’iy ishonchi bilan harakatlanayotgan Abu Muhammad al-Jaloniymi yoki nisbatan ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib qilayotgan, o‘nlab yillar davomida urishayotgan jamoalarni o‘z atrofida birlashtirishga intilayotgan Ahmad Husayn ash-Sharami?


Maqola muallifi

Teglar

IShID Al-Qoida Muhammad al-Jaloniy Ahmad Husayn ash-Sharami Hayat Tahrir ash-Shom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing