Fidan Damashqda Jo‘loniy bilan uchrashdi

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan kecha, 22 dekabr kuni Damashqda Suriyada hokimyat tepasiga kelgan “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhi rahbari Ahmad ash-Sharo (Abu Muhammad al-Jo‘loniy laqabi bilan mashhur) bilan uchrashdi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Bildirilishicha, uchrashuvda Turkiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nuh Yilmaz, Turkiyaning Damashqdagi elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Burhon Kero‘g‘li va Suriya muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Asad Hasan al-Shiboniy ham ishtirok etgan.

Damashqdagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng Fidan va ash-Sharo (Jo‘loniy) qo‘shma matbuot anjumanida chiqish qildi.

“Suriyada yangi davr boshlandi va men vazir Fidanni Damashqda kutib olishdan mamnunman. Suriya kelajagi bilan bog‘liq muammolar va masalalarni batafsil muhokama qildik. Biz hukumatning kelgusidagi faoliyati haqida gaplashdik. Xususan, mudofaa vazirligining ahamiyati va qurol faqat davlat nazoratida bo‘lishi kerakligini ta’kidladik. Davlatdan boshqa hech bir guruh qurolga ega bo‘lmasligi kerak. Bizning nazoratimiz ostidagi yoki RKK/YPG (“Kurdiston ishchilar partiyasi”/“Xalq mudofaa kuchlari” terroristik tashkiloti) nazorati ostidagi hududlarda hech bir guruhning qo‘lida qurol bo‘lishini qabul qila olmaymiz”, dedi Ahmad ash-Sharo.

Shuningdek, u inqilobning boshidanoq Turkiya Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi. Ash-Sharo Turkiya va Suriya o‘rtasidagi strategik aloqalarning qanday rivojlanajagini ham muhokama qilganliklarini bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy strategik aloqalarga e’tibor qaratdi.

O‘z navbatida, Xoqon Fidan Suriyadagi eng og‘ir va qorong‘u davr ortda qolganini va bundan yaxshi zamonlar kelishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi barcha etnik, diniy va mazhab guruhlari baxtliroq bo‘ladi va suriyaliklar mamlakat kelajagini belgilaydi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Suriyani xavfsiz, erkin va farovon mamlakatga aylantirish faqat Suriya xalqining sa’y-harakatlari tufayli amalga oshishini qo‘shimcha qildi:

“Bugun men Damashqdaman, biz sizni yolg‘iz qoldirmaymiz, turk xalqi, turk davlati va Prezidentimiz janob Erdo‘g‘an sizni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.
Muzokaralarda biz Suriyada barqarorlikni o‘rnatish eng ustuvor vazifa ekanini ta’kidladik. Bunga erishish uchun mamlakatda xavfsizlikni, qonun ustuvorligini va ozchiliklarni himoya qilishni ta’minlash kerak. Barcha diniy va etnik guruhlarni qamrab oluvchi inklyuziv boshqaruvni yaratish kerak. Hamma tinch-totuv yashaydigan va adolat hukm suradigan mamlakat qurish yangi Suriyaning eng katta yutug‘i va kelajagining kafolati bo‘ladi. Turkiya o‘laroq biz davlat institutlari va biznesni isloh qilish borasidagi tajribamiz bilan bo‘lishishga tayyormiz. Prezidentimiz bu borada barcha tuzilmalarga zarur ko‘rsatmalar berdi”, dedi Fidan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi yangi ma’muriyat o‘z va’dalarini amalga oshirish uchun ularga imkoniyat berilishi kerak. 

“Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat, ayniqsa mintaqa davlatlari Suriya oyoqqa turishi va millionlab qochqinlar o‘z yurtiga qaytishi uchun safarbar bo‘lishi kerak. Suriyadagi avvalgi rejimga qo‘yilgan barcha sanksiyalar tezda bekor qilinishi kerak”, dedi vazir.

Fidanning qo‘shimcha qilishicha, ash-Sharo bilan muloqot chog‘ida u “yangi Suriya rahbariyatining bu yo‘nalishda ishlash uchun kuchli irodasi va qat’iyatini ko‘rgan”, ammo bu “xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj”.   

Turkiya Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Suriyada RKK/YPG terror tashkilotiga joy yo‘qligini aytdi. Bundan tashqari, u bugungi tashrif boshqa davlatlar bilan yuqori darajadagi aloqalarga hissa qo‘shishiga umid bildirdi.

“Butun xalqaro hamjamiyat, xususan, arab davlatlari Suriyaning yangi ma’muriyati bilan hamkorlik qilishi kerak. Biz imkon qadar tezroq harakat qilishimiz kerak. Suriyaning hududiy yaxlitligi va birligiga shubha yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Fursatdan foydalanib, Suriyada RKK/YPG’ga joy yo‘qligini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Bu terror tashkiloti Suriya xalqining yerlarini bosib olib, tabiiy boyliklarini o‘g‘irlamoqda. Bugungi uchrashuvimiz davomida Suriya xalqining RKK/YPG’ga qarshi kurashda qanchalik irodali ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim. Terror tashkiloti imkon qadar tezroq tarqatib yuborilishi kerak”, dedi vazir.

Vazir Fidan Isroil Suriyadagi vaziyatdan foydalanib, Suriya hududlarini bosib olish siyosatini davom ettirayotganiga ham e’tibor qaratdi: 

“Bunga chidab bo‘lmaydi. Biz xalqaro hamjamiyatni Suriyaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilish uchun ovoz berishga chaqiramiz”, dedi u.

Qayd etish joiz, Xoqon Fidan Suriyaning yangi rahbariyati bilan uchrashgan Tashqi ishlar vaziri darajasidagi birinchi xorijiy rasmiy shaxs bo‘ldi. Bungacha BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha bosh kotib o‘rinbosari Tom Fletcher, Britaniya vakili Enn Snou va Germaniya tashqi ishlar vazirligining Yaqin Sharq bo‘yicha komissari Tobias Tunkel ham Damashqda Jo‘loniy bilan uchrashgan.

Endilikda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Suriyaga borishi kutilmoqda. tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan ortidan Suriyaga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda ma’lum qildi.

“Tashqi ishlar vaziridan keyin Prezidentimiz ham Damashqqa tashrif buyurishni o‘ylayapti”, dedi Turkiyaning Damashqdagi vaqtinchalik ishlar vakili Burhon Kero‘g‘li TVNET telekanalida.

U yangi davrda Turkiya va Suriya o‘rtasidagi munosabatlarning Usmonli imperiyasi davridagi munosabatlarga o‘xshash bo‘lishiga umid bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya Damashq Xoqon Fidan Hayat Tahrir ash-Shom Ahmad ash-Sharo Abu Muhammad al-Jo'loniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing