Artur Taymazovdan yana bir oltin medal olib qo‘yildi
Sport
−
24 iyul 2019
7637Artur Taymazov 2012 yilgi London Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi uchun ishtirok etib, qo‘lga kiritgan oltin medalidan doping namunasi qayta tekshirilgandan keyin mahrum qilindi. Bu haqda sportchining o‘zi Instagram`dagi sahifasida ma’lum qildi.
Sobiq sportchi XOQ tekshiruvlarini tan olmasligini ma’lum qilib, qaror yuzasidan arz qilishni aytdi.
“2008 yilgi diskvalifiksiyadan keyin XOQning 2012 yilgi Olimpiadadagi doping namunalarimni tekshirish qarori kutilajak edi va men uchun "syurpriz" bo‘lmadi. Uning natijasi ham. Afsuski. XOQning navbatdagi qarori yuzasidan quyidagini aytmoqchiman. Ayblovni tan olmayman. XOQning qarorini siyosiy motivlashtirilgan va asossiz deb hisoblayman. XOQning ichki tekshiruvlari natijalarini ham, bu tekshiruv jarayonini ham tan olmayman, ular shaffof emas. Bu qaror yuzasidan arz qilaman. XOQ “ekspertlari” va bu “qaror”dan xursand bo‘lganlarga shuni eslatmoqchimanki, birinchidan men Olimpiada shohsupalarining eng yuqorisida 3 marta turganman va bundan barcha his-tuyg‘ularni his qilganman – buni boshqacha his qilish mumkin emas. Bugun ham muxlislarning o‘shanda g‘alaba sari yo‘limda his qilgan qo‘llab-quvvatlovini his qilmoqdaman. Bu tuyg‘ularni mendan hech kim ololmaydi. Men o‘zimga 3 karra Olimpiya chempioni bo‘la olishimni isbotladim. Men o‘z maqsadimga erishdim. Barcha medallarim o‘zimda qoladi. XOQga 2020 yilgi Olimpiada g‘oliblarini taqdirlashni 10 yildan keyin o‘tkazishni, sportchilarga esa 10 yildan keyingi tekshiruvdan oldin o‘zlarini g‘olib hisoblamasliklarini tavsiya qilaman”, deb yozgan Taymazov.
Ma’lumot uchun, 2017 yil aprelda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi doping sabab sobiq kurashchini 2008 yilgi Pekinda o‘tkazilgan Olimpiada oltin medalidan mahrum qilgandi.
Taymazov hisobida 2004 yilgi Afinadagi Olimpiada oltin medali hamda 2000 yilgi Sidneydagi Olimpiada kumush medali qolyapti. Sportchi, bundan tashqari, 2 karra jahon chempioni, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning eng sovrindor sportchisi hisoblanadi.
Bugungi kunda 40 yoshli Artur Rossiya Davlat Dumasi deputati, dumaning jismoniy tarbiya, sport, turizm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi.
LiveBarchasi