“Arsenal”ning sobiq darvozaboni dahshatli YTHda vafot etdi

Sport

image

Bugun, 16 aprel kuni “Arsenal” va “Yuventus” klublarining sobiq posboni, taniqli darvozabon Aleksandr Manninger 48 yoshida vafot etdi. Uning avtomobilini poyezd urib ketgan. Bu haqda “Kronen Zeitung” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Londonning “Arsenal”, Turinning “Yuventus” klublari va Avstriya terma jamoasi sobiq darvozaboni Aleksandr Manninger bugun, 16 aprel kuni ertalab YTH oqibatida halok bo‘lgan. Hodisa Nusdorf-am-Xaunsberg (Avstriyadagi kommuna) hududidagi tartibga solinmagan temiryo‘l kesishmasida yuz bergan.

“Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 48 yoshli sobiq golkiperning avtomobili yaqinlashib kelayotgan poyezdning aynan oldiga chiqib qolgan. Poyezd mashinani bir necha metr sudrab borgan. Mashinist va 25 nafarga yaqin yo‘lovchi jabrlanmagan.

Qutqaruvchilar voqea joyiga yetib kelib, Manningerni avtomobildan chiqarib olishgan va reanimatsiya ishlarini, jumladan, defibrillyator yordamida boshlashgan. Biroq sportchining hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Halokat sabablari o‘rganilmoqda. Tergovga kesishmadagi signal tizimini tekshiradigan ekspert jalb qilingan”, deyiladi xabarda.

Manninger faoliyatini “Austriya” (Zalsburg) klubida boshlagan, 1997 yilda esa Angliya Premer-ligasiga (“Arsenal”ga) o‘tgan birinchi avstriyalik futbolchiga aylangan. Debyut mavsumidayoq (1997/98) u Angliya chempioni va Angliya Kubogi sohibi bo‘lgan.

Keyinchalik u Italiyada “Fiorentina”, “Torino”, “Bolonya”, “Breshia”, “Siyena” va “Yuventus” klublarida to‘p surgan. “Yuventus” bilan 2011/12 yilgi mavsumda ham chempionlikni qo‘lga kiritgan. Manninger futbolchilik faoliyatini 2017 yilda “Liverpul”da yakunlagan edi.

Avstriya milliy terma jamoasida Manninger 1999 yil avgust oyida Shvetsiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida debyut qilgan va jami 33 ta o‘yinda maydonga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gananing “Berekum Chelsi” futbol klubi hujumchisi Dominik Frimpong jamoa avtobusiga qilingan qurolli hujum oqibatida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Arsenal Yuventus Aleksandr Manninger

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing