Aroqchi Damashqda Asad bilan uchrashdi (video)
Olam
−
05 Oktabr
5018Eron Tashqi ishlar vaziri Sayid Abbos Aroqchi bugun, 5 oktyabr kuni Damashqda Suriya Prezidenti Bashar Asad bilan uchrashdi. Bu haqda “Mehr News” xabar berdi.
Uchrashuvda ikki davlat rasmiylari mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilgan. Eron Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Aroqchi ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy o‘zgarishlar, jumladan, Livan va G‘azoda davom etayotgan mojarolarni muhokama qilgan. Suriya matbuotining xabar berishicha, Asad ham Aroqchi bilan Isroilning Livanga bo‘lgan tajovuzini to‘xtatish va livanlik birodarlarga turli xalq va rasmiy darajada yordam berish yo‘llari haqida gaplashgan.
“Damashqqa safarimdan maqsadim mintaqadagi o‘zgarishlar haqida maslahatlashuvlarni davom ettirishdir”, degan Abbos Aroqchi.
Prezident Bashar Asad Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va unga hamroh bo‘lgan delegatsiya bilan uchrashuvda Suriya va Eron o‘rtasidagi strategik munosabatlar va bu aloqalarning mintaqa hamda unga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi turishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Asad, shuningdek, bosqinchilik va ommaviy qotillikning barcha shakllariga qarshilik ko‘rsatish kerakligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 1 oktyabrdan beri Isroil Livanning janubida “Hizbulloh” kuchlariga qarshi quruqlikdagi operatsiyani olib bormoqda va qo‘shni davlatni havodan bombardimon qilishda davom etmoqda.
1 oktyabr kuni Eron Isroilni tarixda ikkinchi marta yirik raketa otishmalariga duchor qildi va buni o‘zini himoya qilish harakati deb atadi. Isroil harbiylarining aytishicha, 180 ga yaqin ballistik raketalar uchirilgan, ularning aksariyati tutib olingan. Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda Isroilning turli hududlariga qulagan snaryadlar oqibatlari aks etgan. Isroil rasmiylariga ko‘ra, otishmada mamlakat fuqarolari orasida qurbon bo‘lmagan. Bir qator ommaviy axborot vositalari G‘arbiy Sohilda bir kishi, ehtimol G‘azo sektoridan bo‘lgan falastinlik halok bo‘lganini xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi yuqori darajali rasmiy delegatsiya bilan birga Livan poytaxti Bayrutga borgan va Livan rasmiylari bilan uchrashgandi. Rasmiy xabarga ko‘ra, vazir samolyoti tibbiy yordam yukini olib borgan.
LiveBarchasi