Aroqchi AQSHga ayblov qo‘ydi

Olam

image

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH Eronning tinch yadroviy inshootlariga hujum qilib, BMT Nizomi va xalqaro qonunlarni buzganini ta’kidladi. Bu haqda u Istanbulda o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

U hujumni g‘ayritabiiy deb atadi va bu uzoqqa cho‘zilgan oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.

“Eron o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga zarbalari Tehronni G‘arb bilan yadroviy masala bo‘yicha muzokaralar olib borish imkoniyatidan mahrum qildi.

Aroqchining ta’kidlashicha, bu haftada Eron “Yevropa uchligi” (Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya) bilan yadroviy muzokaralar olib bormoqda, ammo AQSH bu diplomatik tashabbusni buzishga qaror qilgan.

Vazirning aytishicha, bunday vaziyatda G‘arb davlatlari vakillari uning mamlakatini muzokaralarga qaytishga chaqirmoqda.

“London, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Eron muzokaralar stoliga “qaytishi” kerak, deb hisoblaydi. Lekin biz hech qachon tark etmagan joyimizga qanday qaytishimiz mumkin, ayniqsa, bu stol hozir vayron bo‘lgan ekan?” degan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika samolyotlari Erondagi uchta yadroviy ob’ekt – Fordo, Natanz va Isfaxonga zarba berganini ma’lum qilgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH harbiy-havo kuchlari samolyoti Eron havo hududini tark etgan. AQSHning qilgan ishidan so‘ng Eron Isroilga yana zarba berdi. Isroil Mudofaa kuchlari (IDF) hisob-kitoblariga ko‘ra, Erondan jami 20 dan 30 tagacha ballistik raketalar uchirilgan. Magen David Adom milliy tibbiy xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar butun mamlakat bo‘ylab o‘ndan ortiq joylarda, jumladan Tel-Aviv, Nes-Siona va Xayfa turar-joylarida raketa va shrapnel zarbalari haqidagi xabarlarni qayd etgan. Kamida 16 kishi jarohatlangan. Eron harbiylari, o‘z navbatida, hujumlar Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroporti, logistika bazalari va turli ilmiy hamda harbiy markazlarni nishonga olganini da’vo qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Frantsiya Buyuk Britaniya Abbos Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing