Aroqchi AQSH bilan muzokara o‘tkazish uchun Jenevaga jo‘nab ketdi
Olam
−
10:03 490 1 daqiqa
Kecha, 15 fevral kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH bilan yadroviy muzokaralarning ikkinchi bosqichida ishtirok etish uchun Shveysariyaning Jeneva shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda mamlakat “Al Arabiya” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Aroqchi diplomatik delegatsiyaga boshchilik qilmoqda. Eron va AQSH o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar 17 fevral kuni Ummon vositachiligida bo‘lib o‘tadi.
Jenevaga tashrif davomida Aroqchi Shveysariya va Ummon rasmiylari, shuningdek, Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi hamda boshqalar bilan uchrashishi kutilmoqda.
Tehron va Vashington joriy yilning 6 fevral kuni Maskat shahrida yadroviy muzokaralarni qayta boshlagandi. Avvalgi muzokaralar o‘tgan yili mintaqadagi keskinliklar va harbiy to‘qnashuvlar fonida to‘xtab qolgan edi. So‘nggi muzokaralar AQSHning Eronga nisbatan harbiy tahdidlari va mintaqaga aviatashuvchi kemalar joylashtirgani ortidan o‘tkazilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Hamid G‘anbariy Tehron Vashington bilan aviatsiya, tog‘-kon, neft va gaz sohalarida iqtisodiy foyda keltiradigan kelishuvga erishish istagini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, bundan AQSH ham sezilarli iqtisodiy manfaat ko‘rishi muhim.
Ma’lumot uchun, Shveysariya uzoq yillardan beri Eron va AQSH o‘rtasida vositachi rolini bajarib keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Donald Tramp Eron bilan kelishuvga erishishga tayyor ekanligini bildirgandi.
Live
Barchasi