Arofatning jiyani Falastinga qaytdi. U G‘azo boshqaruvida ishtirok etishi mumkin
Olam
−
15 Oktabr 2025 4137 4 daqiqa
Marhum falastin rahbari Yosir Arofatning jiyani Nosir al-Qudva to‘rt yillik ixtiyoriy surgundan so‘ng G‘arbiy sohilga qaytdi va G‘azoda tinchlikka erishish uchun yo‘l xaritasini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nosir al-Qudva kelajakda G‘azodagi boshqaruvda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi va unga ko‘ra, HAMAS siyosiy partiyaga aylanishi kerak.
Qudva bugungi Falastin rahbariyatining yirik tanqidchilaridan biri sifatida mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash olib borish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlari ko‘ra, Mahmud Abbos rahbarligidagi Fath harakati chuqur islohotlarga muhtoj va Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy sohildagi yahudiy ko‘chmanchilar zo‘ravonligiga qarshi qat’iyroq chora ko‘rish shart.
“Birinchi vazifa – xalq ishonchini qayta qo‘lga kiritish. Biz bu ishonchni yo‘qotganmiz – buni tan olishga jasoratimiz yetishi kerak. Undan mahrum bo‘lgan holda, ochig‘ini aytsam, hamma narsa befoyda”, dedi Qudva.
Qudva 2021 yilda G‘arbiy sohilni tark etgan edi, chunki u Fathdan chiqarilgan, sababi esa u Mahmud Abbosga qarshi o‘z saylov ro‘yxatini tuzib, mustaqil ravishda qatnashishga qaror qilgani edi. Abbos keyinchalik saylovlarni bekor qilgan.
89 yoshli Abbos o‘tgan hafta Qudvani Fathga qaytardi va chiqarib yuborilgan a’zolarga amnistiya e’lon qildi.
Falastin ma’muriyati G‘azoda rol uchun harakatni kuchaytirmoqda
Qudvaning qaytishi, Falastin ma’muriyatiga nisbatan yangi bosimlar avj olgan bir paytga to‘g‘ri keldi – undan uzoq yillardan beri kutilgan islohotlarni amalga oshirish va 2007 yildan beri HAMAS nazoratida bo‘lgan G‘azoda yana rol o‘ynash kutilmoqda.
G‘azoning kelajakdagi boshqaruvi masalasi Tramp urush tugaganini e’lon qilganidan so‘ng yana kun tartibiga chiqdi. Keyingi bosqichda HAMAS qurolsizlanishi va G‘azodagi hukmronligini tugatishi talab qilinmoqda.
Trampning taklifi aniq tafsilotlarga boy bo‘lmasa-da, unda xalqaro nazorat ostidagi texnokratik Falastin qo‘mitasi G‘azoni boshqarishi va yangi Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro kuch joylashtirilishi nazarda tutilgan.
Tramp rejalari qanday shakl olishiga qarab, tahlilchilarning aytishicha, Qudva bu jarayonda rol o‘ynashi mumkin – uning arab davlatlari bilan aloqalari, HAMAS bilan kontaktlari, Arofatning jiyani sifatidagi obro‘si va G‘azodan chiqqani (u Xan Yunusta tug‘ilgan) bunday ehtimolni oshiradi.
“Agar men kerak bo‘lsam, hech ikkilanmayman”, dedi 72 yoshli Qudva.
HAMASni siyosiy o‘zgarishga chorlash
Qudvaning fikrlariga ko‘ra, HAMAS G‘azoning ma’muriy va xavfsizlik nazoratidan voz kechib, o‘z qurollarini yangi boshqaruv organi ixtiyoriga topshirishi lozim. HAMAS hukumatda ishtirok etmaslikka tayyorligini bildirgan, ammo qurolsizlanishni rad etgan.
“Ular uchun siyosiy partiyaga aylanish sari yo‘l ochiq bo‘lishi kerak”, deydi Qudva.
Uning so‘zlaricha, G‘azodagi mavjud Falastin ma’muriyati resurslari yangi politsiya kuchlari uchun foydalanilishi mumkin, shuningdek, hozirgi G‘azo politsiyasi ham tekshiruvdan o‘tkazilib, ishga jalb etilishi mumkin.
“HAMAS tushunishi kerakki, hech kim ularning izidan tushmayapti, ayrim xodimlar yana bir imkoniyatga ega bo‘ladi, ular o‘ldirilmaydi, ularga siyosiy hayotda qatnashish imkoniyati beriladi”, dedi Qudva.
U G‘azoni boshqarish uchun falastinliklardan iborat “komissarlar kengashi” tuzilishi mumkinligini aytdi. Abbos uning rahbarini tayinlashi, shu orqali G‘arbiy sohil va G‘azo o‘rtasida bog‘lanish saqlanishi mumkin. Biroq Qudva “Falastin ma’muriyatining hozirgi shaklda G‘azoga qaytib hukmronlik qilishi”ni nazarda tutmayotganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, xalqaro nazorat “yaxshi” bo‘lishi mumkin, ammo G‘azoni faqat falastinliklar boshqarishi va ular saylov o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishi shart. U yerda oxirgi saylov 2006 yilda bo‘lib o‘tgan.
Qudva tilga olgan korrupsiya tafsilotlarini oshkor qilmadi, ammo uning qay darajada keng tarqalganidan “hayratda qolganini” aytdi. Falastinliklar orasida o‘tkazilgan so‘rovlar Falastin ma’muriyatining keng ma’noda korrupsiyalashgan tuzilma sifatida qabul qilinishini ko‘rsatgan.
Siyosiy tahlilchi Haniy al-Masriyning aytishicha, Qudva G‘azoda muayyan rol o‘ynashi mumkin, ammo avvalo falastinlik siyosiy guruhlar bir yo‘lda kelishib olishi kerak.
“Hech bir shaxs konsensussiz muvaffaqiyatli rol o‘ynay olmaydi. Chaqiriqlar katta. Eng muhimi – Isroil. Chunki u Falastin ma’muriyatining G‘azoga qaytishini istamaydi”, dedi u.
Live
Barchasi