G‘azodagi so‘nggi tinchlik sulhi: Urush tugadi, oldinda nima kutmoqda?
Tahlil
−
14 Oktabr 2025 3973 11 daqiqa
Ikki yil davom etgan qonli G‘azo urushi nihoyat to‘xtatildi. Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari misli ko‘rilmagan vayronagarchilik va qirg‘in keltirdi – minglab uylar yer bilan yakson bo‘ldi, shaharlarda deyarli butun infratuzilma vayron bo‘ldi, tinch aholi orasida ulkan talafotlar yuz berdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, urush oqibatida 67 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘ldi, yana yuz minglab odamlar jarohat oldi va uy-joysiz qoldi. Bu holat butun dunyo jamoatchiligi nigohida ochiq genotsid sifatida baholanmoqda. Hatto xalqaro mutaxassislar guruhi Isroilning harakatlarini 1948 yil Genotsid konvensiyasiga xilof deb topib, G‘azodagi vahshiyliklarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
2025 yil oktyabr oyi boshlariga kelib, nihoyat, harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha ilk qadamlar qo‘yildi. 8 oktyabr kuni Misr vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida sulhning dastlabki bosqichi kelishib olindi – janglar vaqtincha to‘xtatilib, asirlar almashinuvi boshlandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 13 oktyabr kuni Misrning Sharm al-Shayx shahrida xalqaro tinchlik sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH, Misr, Turkiya, Qatar kabi davlatlar yetakchilari o‘rtasida G‘azo urushini to‘liq tugatish bo‘yicha yakuniy tinchlik bitimi imzolandi. E’tiborlisi, sammitda 20 ga yaqin davlat rahbarlari ishtirok etib, G‘azo mojarosini hal etish masalasini muhokama qildi. Isroil va HAMAS vakillari bevosita ishtirok etmadi, biroq vositachilar orqali ular sulh shartlariga rozilik bildirishdi. Sharm al-Shayxdagi konferensiyada qabul qilingan hujjat bilan urush rasmiy ravishda tugallandi.
Urushning tugashi bilan G‘azoda tinchlikka umid paydo bo‘ldi. Xususan, urush sabab vatanini tark etishga majbur bo‘lgan minglab oilalar endilikda sekin-asta o‘z uylariga qaytmoqda. Isroil qo‘shinlari sulhga binoan chekinayotgani sari yo‘llardagi blokpostlar olib tashlanib, falastinliklar vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarga kirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ularning aksariyati kul-tepaga aylangan uylari o‘rnida lagerlar tiklab, boshpanasiz bo‘lsada, yurtiga qaytgani uchun shukronalik bildirmoqda.

“Albatta, uylarimiz yo‘q – hammasi vayron bo‘lgan. Lekin uylarimiz o‘rniga, hatto o‘sha vayronalar ustiga bo‘lsa ham qaytganimizdan xursandmiz. Ikki yildirki biz azob chekib, ko‘chib yuribmiz”, deydi 40 yoshli g‘azolik Mahdi Saqla, oilasi bilan qochoqlar lageridan xarob bo‘lsada o‘z mahallasiga qaytarkan.
Bu so‘zlar G‘azo aholisining dardini ochiq ifoda etadi – urush tufayli deyarli har bir oila boshpanasiz qolgan bo‘lsada, tinchlik umidi ularni o‘z tuprog‘iga qaytishga undamoqda.
Tinchlikka erishishga nima turtki bo‘ldi?
G‘azodagi urushning to‘xtashiga bir qator omillar turtki bo‘ldi. Avvalo, urush cho‘zilgani sari ulkan gumanitar inqiroz va xalqaro bosim kuchaydi. Isroil armiyasining shafqatsiz bombardimonlari butun dunyoda norozilik uyg‘otdi – ko‘plab davlatlar rahbarlari va jamoatchilik vakillari Falastindagi vaziyatni keskin qoralab chiqdi. Hatto Isroilning yaqin ittifoqchilari bo‘lmish G‘arb davlatlarida ham hukumatlar Isroilga bosimni kuchaytirib, G‘azodagi tinch aholini o‘qqa tutishni to‘xtatishga chaqirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti mutasaddilari, inson huquqlari tashkilotlari G‘azoda ro‘y berayotgan vahshiyliklarni keskin tanqid qilib, bu harakatlar urush qonun-qoidalarini poymol etgani haqida bong urdi. Xususan, BMT vakillari “G‘azoda sodir bo‘layotgan dahshatni qat’iyan to‘xtatmaslik butun bir xalqning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi”, deya ogohlantirdi – bu aslida genotsid boshlangani haqida diplomatik ohangdagi bayonot edi.
Tinchlik muzokaralarining eng muhim omillaridan biri AQSH vositachiligi bo‘ldi. AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z tashabbusi bilan urushni to‘xtatish rejasini ilgari surdi va faol diplomatik sa’y-harakatlar boshladi. U Yaqin Sharq davlatlari yetakchilari bilan muloqot qilib, G‘azo bo‘yicha 21 banddan iborat tinchlik rejasini tayyorladi. Tramp shu orada Isroil Bosh vaziri Netanyaxuni Oq uyda qabul qilib, uni ushbu rejaga ko‘ndirdi. Shundan so‘ng AQSH HAMASga ham qattiq ogohlantirish yubordi: agar sulh shartlariga rozilik bildirmasa, Isroil bilan birgalikda yanada dahshatliroq hujumlar boshlanishi haqida shaxsan Trampning o‘zi dag‘dag‘a qildi.
“Bu so‘nggi imkoniyat, agar kelishuv imzolanmasa, HAMASga qarshi dunyo hech qachon ko‘rmagan darajadagi do‘zax boshlanadi”, deb yozdi Tramp muzokaralar chog‘ida.
Tabiiyki, bunday tahdidlar ortida AQSHning qudrati turgan edi – HAMAS yetakchilari bu ogohlantirishni jiddiy qabul qilib, 3 oktyabr kuni barcha isroillik asirlarni qo‘yib yuborishga va muzokaralarni davom ettirishga rozi bo‘ldi.
Trampning faolligi va bir vaqtning o‘zida qat’iy bosimi natijasida qisqa fursatda sulhga doir asosiy kelishuvlarga erishildi. AQSH Prezidenti o‘z siyosiy ambitsiyalari yo‘lida tinchlik bitimini “asir fojiasini yakunlaydigan tarixiy voqea” sifatida taqdim etdi. Trampning o‘zi ham muzokaralar davomida optimistik ruhda edi – u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Hamma bu o‘lim va zulmat davrini orqada qoldirish istiqbolidan hayajonda. Biz garovdagilarni qaytarib olishimiz va mustahkam tinchlikka erishishimiz kerak” deb yozib, urushdan charchagan tomonlarni umidvor qildi. Shu tariqa, kuchli xalqaro bosim, AQSHning qat’iy vositachiligi hamda mintaqa davlatlarining (Misr, Qatar, Turkiya va boshqalar) ko‘magida Isroil va Falastin o‘rtasidagi navbatdagi qonli mojaro to‘xtatildi.
G‘azoni endi kim boshqaradi?
Urush tugadi, ammo oldinda turgan murakkab savollardan biri – G‘azo ustidan hokimiyat kimga o‘tadi? Kelishuvga ko‘ra, HAMAS endi G‘azoda hech qanday rasmiy rol o‘ynamaydi. Sektorni boshqarish vaqtinchalik falastinlik texnokratlar ma’muriyatiga beriladi, biroq ularning ustidan AQSH va boshqa xalqaro hamkorlar nazoratni amalga oshiradi. Bu noodatiy tuzilma hududda “xalqaro protektorat” o‘rnatilishiga o‘xshaydi, go‘yoki G‘azo muvaqqat ravishda xalqaro hamjamiyat ishonchli boshqaruviga topshirilmoqda. Kelishuv tafsilotlariga qaraganda, G‘azoga vaqtincha ma’muriyat tuzish taklifi ortida AQSH Prezidentining o‘zi turibdi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Tramp ushbu muvaqqat hukumatga hatto o‘z nomzodini rahbar sifatida taklif qilgan. Boshqacha aytganda, Tramp G‘azodagi tiklanish jarayonini shaxsan boshqarish istagini bildirgan – bu esa, albatta, bahsli masala.

Bundan tashqari, G‘azo muvaqqat ma’muriyati tarkibiga chet ellik nufuzli shaxslar kirishi kutilmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler nomi tilga olinmoqda. Bler janoblari so‘nggi yillarda Yaqin Sharq bo‘yicha faoliyat yuritib kelgan, jumladan, u avvalroq Isroil-Falastin mojarosini hal qilishga qaratilgan “to‘rtlik” (Kvartet) vakili bo‘lgan. Ammo u musulmon olamida unchalik yaxshi nom qozongan emas – chunki 2000 yillar boshida Iroq urushini boshlab, mintaqani notinchlikka giriftor qilgan siyosatchi ham Bler sanaladi. Endilikda aynan Toni Bler G‘azoning keyingi boshqaruvini qo‘lga olishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalishi ko‘plab kuzatuvchilarni tashvishga soldi.
“G‘azo milliarderlar va sionistlar qo‘liga o‘tmoqda” – gap shundaki, Bler rahbarligida taklif qilinayotgan nazorat kengashiga nafaqat xalqaro byurokratlar, balki yirik biznesmenlar, hatto ochiq isroilparast kayfiyatdagi boy sarmoyadorlar ham kirishi taxmin qilinmoqda. Oshkor bo‘lgan hujjatlarga qaraganda, G‘azo xalqaro kengashi tarkibiga bir necha taniqli milliarderlar nomzod sifatida ko‘rilgan va ularning birontasi falastinlik emas.
HAMAS harakati bunday rejalarga keskin qarshi chiqmoqda. Ular rasmiy bayonot berib, G‘azo ma’muriyatini “arab va islomiy ko‘mak bilan faoliyat yuritadigan mustaqil falastinliklar organiga” topshirish tarafdori ekanini bildirdi. Ya’ni, HAMAS nazarida G‘azoni kelgusida Falastin ichkarisidagi konsensus asosida shakllangan hokimiyat boshqarishi kerak – masalan, Falastin Milliy ma’muriyati (Prezident Mahmud Abbos rahbarligidagi hukumat) yoki milliy birlik hukumati. Darhaqiqat, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos tinchlik sammitida ishtirok etib, G‘azo bo‘yicha bitimni qo‘llab-quvvatladi. Bu o‘rinda Abbos boshchiligidagi Falastin ma’muriyati G‘azoda hokimiyatni qaytarib olishga intilayotgani sir emas – ular 2007 yilda HAMASdan mag‘lub bo‘lib, G‘azoni boy bergan edi. Endi esa xalqaro bitim tufayli G‘azo yana Ramallohdagi hukumat qo‘liga o‘tishi mumkin. Biroq HAMAS bu jarayonda mutlaqo chetda qolishini xohlamayapti. Har holda, harakat o‘zini “Falastin milliy tuzilmasining bir qismi” deb e’lon qilar ekan, G‘azodan butkul chetlatilishni qabul qilmasligi aniq. Kelishuvga ko‘ra, HAMASning siyosiy va harbiy tuzilmalari tugatiladi, lekin real hayotda bunga erishish oson kechmaydi – G‘azo ichkarisida hamon minglab qurollangan qarshilik kuchlari va ularga xayrixoh aholi borligi ma’lum.
Demak, yaqin kelajakda G‘azo qanday boshqarilishi masalasi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘ladi. Ehtimoliy ssenariy shuki, vaqtinchalik xalqaro ma’muriyat Falastin Milliy ma’muriyati bilan hamkorlikda G‘azoni idora qiladi, HAMAS esa qisman siyosiy jarayondan chetlatiladi. G‘azo xavfsizligini ta’minlash uchun xalqaro tinchlikparvar kuchlar joylashtirilsada, ichki tartibni saqlashda mahalliy politsiya va xavfsizlik organlari rol o‘ynashi kutilmoqda. HAMAS tarkibidagi sobiq kuchlarning bir qismi shu mahalliy xavfsizlik tizimiga integratsiya bo‘lishi yoki qurolini topshirib hayotiy faoliyatning boshqa sohalariga o‘tishi mumkin. Ammo agar HAMASning ayrim qattiq pozitsiyadagi bo‘linmalari qurolsizlanishga ko‘nmasa va yashirin qarshilikni davom ettirsa, bu kelishuvni xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Xullas, G‘azoda urushdan keyingi hokimiyat taqsimoti bo‘yicha murosaga erishish oson kechmaydi. Boshqaruv tepasiga falastinliklarning o‘zlari chiqadimi yoki xalqaro vakillar “vasiylik” qiladimi – bu savollar hozircha ochiq turibdi. Shubhasiz, G‘azo xalqining asosiy talabi – erkinlik va o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi hurmat qilinishi, ular yana begona kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoqqa aylantirib qo‘yilmasligi.
Kelajakda nimalar bo‘lishi mumkin?
G‘azodagi tinchlik sulhi urush olovini o‘chirdi, ammo bu hali butkul tinchlik qaror topdi, degani emas. Kelajakdagi vaziyat hal qiluvchi bosqichga kirmoqda. Endi asosiy e’tibor kelishuv bandlarini to‘liq va vijdonan bajarilishiga qaratiladi. Hozircha sulh muvaffaqiyatli amalga oshmoqda: o‘q ovozlari o‘rnini tiklanish shovqini egalladi, asirlar uylariga qaytmoqda, odamlar tuprog‘iga qaytib, vayronalar o‘rnida yangi hayot boshlashga chog‘lanmoqda. Shu bilan birga, sulh bitimining ba’zi nozik jihatlari hanuz yechimga muhtoj. Xususan, yuqorida ta’kidlanganidek, G‘azo boshqaruvi va HAMAS masalasidagi kelishmovchiliklar hali bartaraf etilgani yo‘q. Tomonlar bu borada muzokaralarni davom ettirishi kerak bo‘ladi. Agar AQSHning 21 bandlik rejasi to‘liq amalga oshsa, Isroil va Falastin o‘rtasida haqqoniy tinchlikka erishish yo‘lida misli ko‘rilmagan yutuq bo‘ladi – tarixda ilk bor Falastin davlatchiligi real shaklga keltiriladi. Butun dunyo uchun ham tinch va barqaror Falastin davlati paydo bo‘lishi muhim tarixiy burilish bo‘ladi – Yaqin Sharqda qonli urushlar o‘rnini umid va taraqqiyot egallashi mumkin.
Biroq agar kelishuv shartlari bajarilmay, berilgan va’dalar ustidan chiqilmasa, vaziyat yana izdan chiqishi hech gap emas. Falastinliklar ko‘p marta va’dalar berilib, ammo bajarilmay qolib ketganidan aziyat chekkan. Masalan, bundan avvalgi tinchlik bitimlari (Oslo kelishuvlari va h.k.) amalda oxiriga yetmay, natijada ishonch yo‘qolgan edi. Shu bois bu galgi sulhning muvaffaqiyati, birinchi navbatda, Isroil va xalqaro hamjamiyat tomonidan qilingan va’dalarning bajarilishiga bog‘liq. Isroil hukumati chindan ham G‘azodan qo‘shinlarni olib chiqib, Falastinga mustaqillik berishga rozi bo‘ladimi? G‘arb davlatlari vayron bo‘lgan G‘azoni tiklash va aholini normal hayotga qaytarish uchun va’da qilingan mablag‘ va yordamni yetkazib beradimi? Bu savollarga faqat vaqt javob beradi. Agar biror tomon o‘z majburiyatini bajarmasa, sulh parchalanib ketishi va mojaro qayta alanga olishi mumkinligini ham hamma yaxshi tushunadi.
Hozircha esa G‘azoda nisbiy tinchlik hukm surmoqda. Ko‘chalarni vayronalar to‘ldirgan bo‘lsada, bombalar tushmayotgan osmon ostida bolalar bir necha kecha-kunduzdan beri birinchi bor tinch uxlamoqda. Bu – urush azobini tortgan oddiy odamlar uchun bebaho yutuq. Falastinliklar endi nafas rostlab, kelajak haqida o‘ylay boshladi: kimdir vayron bo‘lgan uyini qanday ta’mirlashni rejalashtirmoqda, kimdir ikki yillik blokadadan so‘ng biznesini qayta yo‘lga qo‘yish payida, yana kimdir yo‘qotgan yaqinlarini motam qilgan holda, yangi hayotda ularning xotirasini qanday yashatishni xayolidan kechirmoqda.
Xalqaro hamjamiyat esa bu safar chindan ham jiddiy yondashayotgani ko‘rinadi – yirik davlatlar rahbarlari sammitlarda bosh qo‘shib, Falastin muammosini yakuniy hal etish haqida kelishib olgani o‘ziga xos umid bag‘ishlaydi. Albatta, orada turli siyosiy o‘yinlar, manfaat to‘qnashuvlari yo‘q emas. Ammo tinchlik sulhi imzolangani va qon to‘kish to‘xtagani haqiqat. Endi bu sulhni mustahkam tinchlikka aylantirish uchun barchaning xayrli niyati va amaliy sa’y-harakati zarur bo‘ladi.
G‘azodagi so‘nggi sulh bizga bir saboq bermoqda: qurollar va zo‘ravonlik yillar davomida hal qila olmagan muammoni muloqot va kelishuv yechishi mumkin ekan. Ammo tinchlikka erishish – ishning yarmi, uni saqlab qolish esa undan ham mushkulroq vazifa. Agar bu sulh orqali real adolat va erkinlik ta’minlanmasa, u holda “tinchlik” nomigagina bo‘lib qolishi mumkin. Falastin xalqining orzu-umidlari ro‘yobga chiqishi – haqiqiy mustaqillikka erishishi bilangina mintaqada barqaror tinchlik qaror topadi. Shunday bo‘lsa, Isroil ham o‘z xavfsizligini genotsid va bosqinlar orqali emas, balki qo‘shni mustaqil davlat bilan tinch-totuv yashash orqali ta’minlash mumkinligini anglab yetadi. Dunyo hamjamiyati esa kech bo‘lsada, G‘azodagi fojiani to‘xtatib, insonparvarlik va adolatga muvofiq yo‘l tutganini isbotlay oladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, G‘azodagi tinchlik sulhi hali nozik va zaifdir. Ammo u millionlab begunoh insonlarning hayotini saqlab qoldi. Urush dahshatlari nihoyasiga yetmoqda – endi eng muhimi, yangi avlodlar zulmat va qo‘rquvda emas, tinchlik va hurriyat sharoitida voyaga yetishi uchun ushbu sulhga sodiq qolishdir. Falastinliklar uchun bu urush qanday alamli bo‘lgan bo‘lsa, tinchlik shunchalik qadrli bo‘lishi kerak. Dunyo G‘azoda tinchlik bayram qilishi, qonga belanib ketgan zamin endi farovonlik va umid maskaniga aylanishi uchun qo‘lidan kelgan barcha yordamini ayamasa, maqsadga erishiladi. Har holda, qon to‘kilishining to‘xtashi o‘zi katta g‘alaba.
Bekzod Po‘latov
Live
Barchasi