Armanlar etnik tozalanishdan xavotirda. Ozarbayjon qanday yo‘l tutmoqchi?
Olam
−
23 Sentabr 2023
4665Qorabog‘da yashovchi arman aholisi Ozarbayjon etnik tozalashni o‘tkazishi mumkinligidan xavotir sabab u yerdan ko‘chib ketmoqda. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan allaqachon 40 ming oilani mamlakatga joylashtirish rejasini ishlab chiqqan. Pashinyan Ozarbayjonni Qorabog‘dagi etnik tozalashda ayblasada, tinch aholi hozircha “to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf”ga duch kelmayotganini aytgan.
“Biz Tog‘li Qorabog‘dan 40 ming oilani qabul qilishga tayyormiz”, deydi Armaniston Bosh vaziri.
Xabarda aytilishicha, neftga boy Ozarbayjon arman millatiga mansub aholini tinchlantirish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda. Xususan, oziq-ovqat, yoqilg‘i va “yangi integratsiya” va’da qilingan.
“Hududda yashovchilar ketishga majbur bo‘lmasligi mumkin, lekin ular qolishni ham istamaydi. Bu hafta Ozarbayjon armiyasi Xonkendi shahri tomon yurganida, ko‘plab tinch aholi qishloqlarni tashlab ketdi. Ular qarindoshlarining ahvoli nima bo‘lganini bilmaydi”, deyiladi xabarda.
Prezident Ilhom Aliyev Qorabog‘ armanlari “nihoyat yengil nafas olishi mumkin”ligini aytdi.
Ma’lumot uchun, sovet ittifoqi parchalanganidan keyin bu yerdagi urushlarda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan. Birinchi urush 1992-1994 yillar oralig‘ida, Armaniston mintaqani bosib olganida bo‘lgan. Shunga qaramay, xalqaro hamjamiyat Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi deb tan olgan. 2020 yilda esa mintaqada 44 kunlik urush bo‘ldi. Uning yakuniga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgani. 20 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da mazkur tadbirlar to‘xtatilgani va 21 sentyabr kuni esa Yevlax shahrida Qorabog‘ arman jamiyati vakillari Ozarbayjonning mas’ul vakili bilan uchrashib, muzokara o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Mashhura Imomova
LiveBarchasi