Armaniston Putinni qamamaslik uchun “fortochka” qidiryapti
Olam
−
02 noyabr 2023
9222Armaniston Rossiyaga Xalqaro jinoiy sudning Rim statuti talablarini chetlab o‘tuvchi davlatlararo shartnoma imzolashni taklif qildi. Bu haqda parlament spikeri o‘rinbosari, Bosh vazir Nikol Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi boshqaruvi a’zosi Akop Arshakyan brifingda ma’lum qildi.
“Rim statutini ratifikatsiya qilishdan bir necha oy oldin biz davlatlararo huquqiy munosabatlarimiz xalqaro tuzilmalar tomonidan tekshirilmasligi, ratifikatsiya qilish munosabatlarimizga ta’sir qilmasligi uchun Rossiyaga ikki tomonlama shartnoma imzolashni taklif qildik. Aslida, biz hali javob olmadik, lekin Rim nizomi kuchga kirishiga hali ko‘p vaqt bor. Yuridik jihatdan ikki davlatga tegishli masalalar bo‘yicha xalqaro sud qarorlarini qo‘llashni istisno qiluvchi kelishuvga ega bo‘lishimiz mumkin”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi boshida Armaniston Milliy Assambleyasi (parlamenti) Xalqaro jinoiy sudning (XJS) Rim statutini ratifikatsiya qildi.
Ta’kidlash joizki, Armaniston 1998 yilda Rim statutini imzolagan, biroq hujjat Armaniston konstitutsiyasiga zid deb topilgach, ratifikatsiya jarayoni 2004 yilda to‘xtatilgan. 2022 yil oxirida Armaniston hukumati ratifikatsiya jarayonini tiklagan.
Rossiya Armaniston tomonidan hujjatning ratifikatsiya qilinishiga faol qarshilik ko‘rsatdi. O‘z navbatida, Armaniston hukumati nizomni ratifikatsiya qilish zarurligini asoslab bergan.
Rim statuti Xalqaro jinoiy sudni tashkil etgan xalqaro shartnomadir. U 1998 yilning 17 iyulida Rimda bo‘lib o‘tgan diplomatik konferensiyada qabul qilingan va 2002 yil 1 iyulda kuchga kirgan. Uni 137 davlat imzolagan va 120 dan ortiq davlat ratifikatsiya qilgan.
Sud genotsid jinoyati, insoniyatga qarshi jinoyatlar, urush jinoyatlari va tajovuz jinoyatlari kabi jinoyatlar bo‘yicha yurisdiksiyaga ega. Davlat Rim statutining ishtirokchisiga aylangandan so‘ng, u belgilangan jinoyatlar bo‘yicha sudning yurisdiksiyasini qabul qiladi. Biroq, statutning 25-moddasiga muvofiq, Sud davlatlar ustidan emas, balki jismoniy shaxslar ustidan yurisdiksiyaga ega. Sud davlatning ichki yurisdiksiyasidan ustunlikka ega emas.
Joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergandi. Rossiyaning amaldagi Prezidentiga qarshi Rossiya-Ukraina mojarosi paytida bolalarni Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilganlik uchun ayblovlar qo‘yilgan. Putin bilan birgalikda Prezidentning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani ham hibsga olish uchun order berilgan.