Armanistonda otishmalar fonida 7600 kishi uyini tashlab qochishga majbur bo‘ldi
Olam
−
16 Sentabr 2022
4205Ozarbayjon Qurolli kuchlarining hujumi tufayli Armanistonning chegaradagi qishloqlaridan kamida 7600 kishi evakuatsiya qilindi. Bu haqda Armaniston Ombudsmani Kristina Grigoryanning bugun, 16 sentyabr kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
“Armaniston inson huquqlari himoyachisi idorasining tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjonning Armanistonga hujumi oqibatida Gegarkunik, Syunik va Vayots Dzor viloyatlarida kamida 7600 kishi uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar, bolalar, qariyalar va nogironlar”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning "provokatsiyalari"ga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi, biroq Armaniston o‘q uzish davom etayotganiga ishora qilmoqda.
To‘qnashuvlarda avvaliga Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.
Armaniston Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi, unda Do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, KXSHT va BMT Xavfsizlik Kengashi qoidalaridan foydalanish uchun Rossiyadan yordam so‘rashga qaror qilindi.
LiveBarchasi