Video: Armanistonda muxolifatchilar Hukumat uyiga bostirib kirdi

Olam

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning muxoliflari Yerevan markazidagi Hukumat binosiga bostirib kirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Hukumat binosida bir nechta vazirliklarning idoralari joylashgan. Muxolif kuchlar binoning pastki qavatida miting o‘tkazib, idora rasmiylarini Pashinyan tarafdorlarining mitingida qatnashmaslikka chaqirgan. So‘ngra Pashinyan iste’fosini talab qilib, binoni tark etgan.

“Biz o‘z harakatlarimizni yakunlamoqdamiz. Maqsadimiz har qanday vazirlikka kirishimiz mumkinligini ko‘rsatib qo‘yish edi”, deydi namoyish ishtirokchilaridan biri.

Armanistondagi siyosiy inqiroz

Pashinyanning rus “Iskander”lari (raketa kompleksi – tahr.) haqida “ehtiyotsizlik” bilan aytgan so‘zlaridan keyin Yerevanda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Pashinyan yetkazib berilgan Rossiya harbiy uskunalari nosoz ekanini iddao qilgan.

Shundan so‘ng, Armaniston Bosh shtabi boshlig‘ining o‘rinbosari Tiran Xachatryan Bosh vazirning yuqoridagi gaplarini masxara qilgan, buning uchun Pashinyan uni ishdan bo‘shatgan.

Shuningdek, Pashinyan Armaniston Qurolli kuchlari Bosh shtab rahbari Onik Gasparyanni iste’foga chiqarish to‘g‘risida farmon tayyorladi, ammo mamlakat Prezidenti Armen Sarkisyan uni imzolashdan bosh tortdi.

Bunga javoban Armaniston parlamentidagi hukmron “Mening qadamim” fraksiyasi Prezident Sarkisyanni impichment bilan qo‘rqitgan bo‘lsa, Armaniston Qurolli kuchlari Bosh vazir Pashinyanning iste’fosini talab qildi. Shu tariqa Armanistonda Hukumat, parlament, Prezident, Bosh vazir va Qurolli kuchlar o‘rtasida bo‘linish yuz berdi.

Voqealar rivojining davomi sifatida Vazirlar Mahkamasi rahbari mamlakatdagi holatni davlat to‘ntarishiga urinish, deb baholadi va o‘z tarafdorlarini ko‘chaga chiqishga chaqirdi.

Muxolifat ham qarab turmadi va Pashinyanga javoban barrikadalar o‘rnatib, parlament yaqinida qarorgoh qurdi. Ular Hukumat bilan muzokara olib boradigan kayfiyatda emas va Bosh vazirning iste’fosini talab qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston Pashinyan

Baholaganlar

69

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing