Armanistonda davlat to‘ntarishi uyushtirishda gumonlanib 8 kishi hibsga olindi
Olam
−
25 Sentabr 2023
2302Armanistonda hokimiyatni kuch bilan egallab olishga uringanlikda hamda Bosh vazir va hukumat a’zolariga suiqasd uyushtirganlikda gumonlanib, sakkiz kishi hibsga olindi. Bu haqda “Armenpress” agentligi xabar berdi.
Armaniston Milliy xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, “Salibchilar” harbiy-vatanparvarlik jamiyati a’zolari o‘zaro oldindan kelishib, o‘zlarida saqlanayotgan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni jinoyat quroli sifatida qo‘llash orqali hokimiyatni egallash uchun o‘zaro til biriktirgan.
Ko‘zdan kechirish chog‘ida o‘qotar qurollar, qurol-yarog‘lar, o‘q-dorilar, pnevmatik to‘pponchalar, o‘q o‘tkazmaydigan jiletlar, telekommunikatsiya vositalari, kompyuterlar, turli yozuv va hujjatlar bo‘lgan noutbuklar topilgan.
Arman matbuotining aniqlik kiritishicha, hibsga olinganlar orasida Bosh vazir Nikol Pashinyanning hayotiga suiqasd qilishda ayblanayotgan “Erkrap” ko‘ngillilar uyushmasi raisining sobiq o‘rinbosari Albert Bazeyan ham bor.
Hozirda hibsga olinganlar ustidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftadan beri Armaniston poytaxti Yerevanda hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Mitinglar davomida ko‘plab odamlar hibsga olindi. Ular orasida mamlakatning ikkinchi prezidenti Robert Kocharyanning o‘g‘li Levon ham bor edi. U qo‘lga olingach, kaltaklangan va shifoxonaga yotqizilgan.
LiveBarchasi