Armaniston sobiq Prezidenti Qorabog‘dagi mag‘lubiyatda Pashinyanni aybladi
Olam
−
05 dekabr 2020
6464Armanistonning sobiq Prezidenti Robert Kocharyan Tog‘li Qorabog‘da bo‘lgan mojaro paytidagi operatsiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashida Bosh vazir Nikol Pashinyanni aybladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, jangovar harakatlarning dastlabki bosqichida armiya janubda 14 kilometrlik frontni ushlab turish va yangi chiziqlar yaratishni uddalay olmagan.
“Sababi shundaki, biz Bosh vazir ilhom bilan gapirgan va ko‘pchilik shubhali deb hisoblagan harbiy operatsiyani o‘tkazishga harakat qildik. Operatsiya Bosh vazirning bevosita buyrug‘i bilan amalga oshirildi va Armaniston kuchlarining urushdagi eng yirik muvaffaqiyatsiz yurishi bo‘ldi. Ushbu operatsiya oqibatida armiya korpusi va janubda faoliyat yuritayotgan Stepanakert polki mag‘lub bo‘ldi” deydi Kocharyan.
Unga ko‘ra, bundan keyin Qorabog‘ tomonida yangi chiziqlar yaratish uchun tayor jangovar bo‘linmalar yetarli bo‘lmagan.
“Keyin ozarbayjonliklar bor yo‘g‘i 3-4 km yurdi va bizda 500 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Ammo urush 44-kuni to‘xtab qoldi, minglab qurbonlar, 10 mingdan ortiq yaradorlar va hududiy yo‘qotishlardan so‘ng, eng yomon ssenariyda, Tog‘li Qorabog‘ maqomini muhokama qilishdan foyda yo‘q”, deydi sobiq Prezident.
Ma’lumot o‘rnida Robert Kocharyan Armanistonning ikkinchi Prezidenti hisoblanadi. U 1998 yildan 2008 yilgacha Prezidentlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.
LiveBarchasi