Armanistonning sobiq prezidenti qo‘lga olindi (video)
Olam
−
14:09 2561 3 daqiqa
Bugun, 25 avgust kuni ertalab huquq-tartibot idoralari xodimlari mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyanni qo‘lga olib, Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga olib bordi hamda uning uyida, shuningdek, muxolif “Armaniston” blogi deputati bo‘lgan o‘g‘li Levon Kocharyanning xonadonida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda “News am” xabar berdi.
Tergov harakatlari yana bir necha o‘nlab manzillarda bo‘lib o‘tmoqda. Idora zarur hollarda qo‘shimcha ma’lumotlarni oshkor qilishga va’da bergan. Sobiq prezident idorasi yuz berayotgan voqealarni “hokimiyatning prezident Kocharyan va uning oilasiga navbatdagi hujumi” deb atagan.
Bir kun avval Levon Kocharyan va Bosh vazir Nikol Pashinyan parlamentda bir-birlarini ayblagan. Kichik Kocharyan hukumat rahbarini “Arsaxni halok qilgan va minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan pastkash va xoin” deb atagan. Pashinyan esa javoban Kocharyanlar oilasi nimaning hisobidan millioner bo‘lganini so‘ragan va uning a’zolarini javobgarlikka tortishga va’da bergan.
Joriy yilning 24 avgust kuni kechqurun Armanistonning “Ishxanutyun” nashri anonim manbalarga tayanib, dahanaki jangdan so‘ng Pashinyan huquq-tartibot idoralariga Robert Kocharyan va uning o‘g‘illariga qarshi harakatlarni boshlashni topshirgani haqida yozgan. Keyingi kuni ertalab tintuvlar boshlangan. Tergov harakatlari parlamentdagi mojaroning bevosita oqibati bo‘lgani haqida dalillar mavjud emas.
Shuningdek, joriy yilning 17 iyun kuni Armaniston Markaziy saylov komissiyasi Kocharyanni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik bergan. Uning advokati Aram Orbelyanning so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezidentga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va pul yuvish ayblovi qo‘yilishi rejalashtirilgan. Tergov ishni 2004 yilda “Master-klass” tennis klubi yer maydoni bilan bog‘liq bitimga bog‘lagan: 2008 yilda sobiq prezidentning o‘g‘li Sedrak Kocharyan ushbu bitimda ishtirok etgan kompaniyaning ulushini sotib olgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 25 avgustdagi tintuvlar aynan ushbu ish bilan bog‘liqmi-yo‘qmi, hozircha aniqlik kiritmagan. Kocharyan Armanistonni 1998 yildan 2008 yilgacha boshqargan, hozirda esa “Armaniston” muxolif blogiga rahbarlik qiladi. 7 iyundagi parlament saylovlarida blok 12 ta mandat olgan.
Saylovdan biroz oldin Pashinyan sobiq prezident hibsga olinishi kerakligini aytgan.
“Saylovdan so‘ng Robert Kocharyan hibsga olinishi va 1 martdagi jinoyati uchun sud oldida javob berishi kerak. 1 mart voqealarida aybdor bo‘lganlar uzoq yillarni qamoqda o‘tkazishlari kerak”, degan u.
Gap Pashinyan hokimiyatga kelishiga sabab bo‘lgan 2018 yilgi “Barxat inqilobi”dan so‘ng Kocharyanga qarshi qo‘zg‘atilgan ish haqida bormoqda. 2008 yil 1 mart kuni ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida kuch ishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuvlarda 10 nafar namoyishchi halok bo‘lgan. Kocharyan bir muddat hibsda o‘tirgan, ammo sudlanmagan. 2021 yil aprel oyida Armaniston Konstitutsiyaviy sudi Kocharyanga qo‘yilgan konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish haqidagi moddani Asosiy qonunga zid deb topgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peruning sobiq prezidenti Olyanta Humala Konstitutsiyaviy sud uning pul yuvish bo‘yicha 15 yillik qamoq jazosini bekor qilganidan keyin qamoqdan ozod etilgandi.
Live
Barchasi