Armaniston Rossiyaning Ukrainadagi ittifoqchisi emas – Pashinyan
Olam
−
19 fevral
4762Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan Ukraina masalasida Moskvaning ittifoqchisi emasligini aytdi. Uning so‘zlarini “Armtimes” keltirmoqda.
“Men uzoq vaqtdan beri Armaniston Ukraina masalasida Rossiyaning ittifoqchisi emasligini aytib kelmoqdaman. Va bu bizning samimiy pozitsiyamiz. Bu vaziyatga ta’sir o‘tkaza olmasligimiz bizga juda og‘riqli. Ukraina xalqi do‘stona xalq”, deydi siyosatchi.
Shu bilan birga, Pashinyan respublika tashqi siyosat va xavfsizlik sohasidagi aloqalarni diversifikatsiya qilishi kerakligini aytdi.
"Boshqa yo‘l yo‘q", deya qo‘shimcha qilgan Armaniston Bosh vaziri.
Shuningdek, Armaniston hukumati rahbari 1991 yilgi Olmaota deklaratsiyasi mavjudligini eslatgan. Unda Sovet Ittifoqining sobiq respublikalari, jumladan, Rossiya va Ukraina bir-birining chegaralarini tan olgan.
“Biz tushunamizki, Olmaota deklaratsiyasi mustaqilligimiz va hududiy yaxlitligimizni tan olish uchun asos bo‘lib, bizning mantiqqa ko‘ra, Ukraina misolida ham xuddi shunday bo‘lishi kerak. Chunki bu hujjat barchamizga tegishli. Agar biz buni yo‘q qilsak, hamma narsa qulashi mumkin ", deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nikol Pashinyan Yerevan harbiy-texnikaviy hamkorlik uchun yangi sheriklar qidirayotganini, chunki mamlakat buni oldingi kabi faqat Rossiya bilan amalga oshira olmasligini ma’lum qilgandi.