Armaniston Tayvan bo‘yicha pozitsiyasini e’lon qildi
Olam
−
31 avgust 2025 8540 2 daqiqa
Armaniston “Yagona Xitoy” tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi va “Tayvan mustaqilligi”ning har qanday shakliga qarshi chiqdi. Bu haqda bugun, 31 avgust kuni Armaniston hukumati saytida e’lon qilingan “Armaniston va Xitoy o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonotda so‘z boradi.
“Armaniston tomoni dunyoda yagona Xitoy borligini tan olib, “Yagona Xitoy” tamoyilini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlaydi. Tayvan Xitoy hududining ajralmas qismidir va Xitoy Xalq Respublikasi hukumati butun Xitoy vakili bo‘lgan yagona qonuniy hukumatdir. Armaniston tomoni Tayvan milliy mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashning har qanday shakliga qat’iy qarshilik qiladi”, deyiladi hujjatda.
Bayonotda qayd etilishicha, Yerevan va Pekin tinch-totuv yashash tamoyillari: suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish, bosqinchilikka yo‘l qo‘ymaslik, ichki ishlarga aralashmaslik, tenglik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga amal qiladi.
“Tomonlar bir-birining ishonchli hamkorlari sifatida harakat qiladi, boshqa tomonning suvereniteti, xavfsizligi va taraqqiyoti manfaatlariga ziyon yetkazuvchi harakatlardan, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va xalqlar do‘stligiga putur yetkazuvchi har qanday harakatlardan o‘zini tutadi”, deyiladi bayonotda.
O‘z navbatida, Xitoy “Armaniston Respublikasining siyosiy mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarining daxlsizligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi va arman tomoni taklif qilgan tinchlik dasturini qo‘llab-quvvatlaydi”.
“Tomonlar qarama-qarshilikni keltirib chiqaradigan geosiyosiy intrigalar hech qanday maqsadga xizmat qila olmasligiga va mintaqani beqarorlashtiradigan va yangi keskinlikni keltirib chiqaradigan qadamlarga birgalikda qarshilik ko‘rsatishiga amin”, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, Armaniston va Xitoy sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, energetika va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun o‘zaro investitsiyalarni yanada oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Live
Barchasi