Armaniston Qorabog‘dagi urushda necha kishi o‘lganini ma’lum qildi

Olam

image

Tog‘li Qorabog‘da deyarli 1,5 oy davom etgan qurolli to‘qnashuvlarda Armaniston tomonidan 3 330 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Armaniston Sog‘liqni saqlash vaziri Alina Nikogosyan ma’lum qildi.

1 yanvar ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro vaqtida vafot etgan 3330 kishining jasadi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan. Urush boshlanganidan beri vafot etganlarning shaxsini aniqlash uchun 1441 ta namuna olingan. Ularning 871 tasi hali tadqiq qilinyapti.

Hozirgacha 436 nafar odamning shaxsi aniqlangan. Vazir vafot etganlarning shaxsini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza davom etayotganini ma’lum qildi.

Noyabrda Armaniston tomoni urushda 2 317 nafar harbiysi qurbon bo‘lganini ma’lum qilgandi. Keyinchalik Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qorabog‘dagi urushlar vaqtida Ozarboyjon va Armaniston tomonidan umumiy 4 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgani haqida gapirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.

9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Shunga qaramay, Armaniston va Ozarbayjon harbiylari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda. 11 dekabr kuni Armaniston va Ozarbayjon kuchlari bir-biriga qarata o‘t ochdi. Oqibatda bir necha kishi halok bo‘ldi, kamida o‘nta arman askari asirga olindi. Keyinchalik to‘qnashuv rus tinchlikparvar kuchlarining harakatlari bilan to‘xtatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Tog'li Qorabog'

Baholaganlar

213

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing