“Arqadag‘” o‘g‘lining nomidan Sindzo Abeni xotirlash marosimini o‘tkazdi
Olam
−
12 iyul 2022
10598Kecha, 11 iyul kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda Milliy Gengeshning Xalq maslaxati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov boshchiligida Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe xotirasiga bag‘ishlangan qurbonlik-sadaqa marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Turkmenistan segodnya” nashri xabar berdi.
“Arqadag‘” mehmonxonasida o‘tkazilgan xotira tadbirida hukumat a’zolari, mamlakat harbiy va huquq-tartibot idoralari rahbarlari, Turkmanistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan.
Turkmaniston Milliy Gengeshining Xalq maslaxati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokchilar oldida so‘zga chiqib, Prezident nomidan ushbu Qurbonlik sadaqasini Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abening muborak xotirasiga bag‘ishlashini ta’kidlagan.
“Bu ajoyib shaxs, zamonamizning buyuk siyosatchisining yorqin xotirasi qalblarimizda mangu saqlanib qoladi”, degan Gurbanguli Berdimuhamedov.
Sindzo Abe xotirasiga bir daqiqalik sukut e’lon qilingan. So‘ngra Ashxobod imom-xatibi xotira namozini o‘qigan, so‘ng qurbonlik sadaqasi berilgan.
Gurbanguli Berdimuhamedov Yaponiya elchisidan Turkmaniston rahbari nomidan imperator Naruxitoga, do‘st mamlakat Bosh vaziri Fumio Kisidaga chuqur hamdardlik bildirishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyul kuni Sindzo Abe 10 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi oldida ko‘chada tashviqot tadbirida nutq so‘zlayotgan vaqtida otib ketildi. 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami qo‘lbola o‘qotar qurol bilan uni ikki marta otib tashladi. Abe qutqaruv vertolyotida shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar unga qon quyishdi va bir necha soat davomida uning hayoti uchun kurashdilar. Sobiq bosh vazir mahalliy vaqt bilan soat 17:03 da vafot etdi, u 67 yoshda edi.
2002 yildan 2005 yilgacha mamlakatning dengizdagi o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarida xizmat qilgan erkakning uyidan portlovchi moddalar topildi. Erkakka rasman qotillik ayblovi qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, Sindzo Abe ikki marta, 2006-2007 va 2012-2020 yillarda Bosh vazir lavozimida ishlagan. 1954 yilda tug‘ilgan Abe Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiyaning eng yosh Bosh vaziri bo‘lgan.
LiveBarchasi