“Arqadag‘”ning vakili “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazdi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Turkmanistonning Afg‘onistondagi elchisi Xo‘ja Ovezov kecha, 29 sentyabr kuni Qobulda “Tolibon” hukumati Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchisi Amir Xon Mottaki bilan uchrashdi.  

Ta’kidlanishicha, tomonlar energetika sohasidagi savdo va hamkorlik, xususan, TAPI gaz quvurini qurish masalalarini muhokama qilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2015 yil dekabr oyida Turkmaniston hududida umumiy uzunligi 1814 kilometr va quvvati yiliga 30 milliard kubometr tabiiy gazni tashkil etuvchi TAPI (Turkmaniston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston) gaz quvurining qurilishi boshlangan. 

Quvur liniyasi Afg‘oniston chegarasidan 150 km uzoqlikda, Mari viloyatidagi Galkinish konidan boshlanadi va Hirotdan janubdagi Farax, Helmand va Qandahor viloyatlariga, undan keyin Pokiston va Hindistonga o‘tadi. 2018 yil fevral oyida Afg‘oniston hududidan o‘tadigan quvurni yotqizish rasman boshlangan. 

Bu mamlakatdagi jangovar harakatlar tufayli loyihaning bajarilishi bir necha bor qoldirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni turkman gazining tranziti uchun 500 million dollar foyda, shuningdek 10 yil davomida har yili 500 million kubometr gaz oladi. TAPI loyihasi ishga tushishi bilan 12 mingdan ortiq odam ish bilan ta’minlanadi. 

O‘tgan yillarda ham turkman tomoni TAPI bo‘yicha “Tolibon” bilan muzokaralar olib borgan. 2015 yil boshida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov “Tolibon”ning Qatardagi ofisi rahbari Sher Muhammad Abbos Stanakzayni Turkmanistonga taklif qilib, loyiha xavfsizligini muhokama qilgan. 

Avvalroq, Qozog‘istonning Afg‘onistondagi elchisi Alimxon Yesengeldiyev Qobulda Amir Xon Mottaki bilan uchrashgani haqida xabar bergandik. 

Shuningdek, Surxondaryo va Balx viloyatlari hokimlari boshchiligida O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaraoldi hududlari boshqaruv idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon Turkmaniston

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing