“Arqadag‘”ning o‘rinbosari toliblar bilan maslahatlashish uchun Qobulga bordi
Olam
−
30 Oktabr 2021
6228Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bugun, 30 oktyabr kuni Afg‘oniston poytaxtiga mamlakatda hokimiyatni egallab olgan “Tolibon” harakati vakillari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun bordi. Bu haqda Afg‘onistonning “Bakhtar” agentligi xabar berdi.
Qobul aeroportida Turkmaniston vazirini “Tolibon” tomonidan tayinlangan Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mottakiy, Afg‘oniston Axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Zabihulla Mujohid va boshqa yuqori martabali “Tolibon” a’zolari kutib olgan.
Axborot va madaniyat vazirligi vakili Bilol Karimiy hozirda Mottakiy Meredov bilan muzokaralar olib borayotgani haqida ma’lum qilgan.
Joriy yilning 27 oktyabr kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri xalqaro hamjamiyatni Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashda yordam berishga chaqirdi va Ashxobod Qobul ishtirokidagi mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
26 oktyabr kuni esa “Tolibon” muvaqqat hukumatidagi Konlar va yoqilg‘i bo‘yicha vazir Muhammad Iso Oxund Qobulda Turkmaniston elchisi Xo‘ja Ovezov bilan uchrashib, u bilan qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi