Aripovning Asadov bilan uchrashuvida Islom Karimov eslandi
Jamiyat
−
19 iyul 2023
15597Avval xabar berganimizdek, ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi. U bugun, 19 iyul kuni mamlakat Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tilga olingan. Bu haqda Ozarbayjon Hukumati saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, dastlab hukumat rahbarlarining yakkama-yakka muzokaralari bo‘lib, unda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan. Keyin Bosh vazirlar ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokidagi uchrashuvni davom ettirgan.
Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga ozarbayjon xalqi milliy yetakchisi Haydar Aliyev va O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov asos solgani urg‘ulangan.
Asadov Aripovga O‘zbekistonda Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar yuksak darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirgan.
Bugun esa Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakati bilan Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlari har tomonlama rivojlanib borayotgan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani aytilgan. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy ishonchli munosabatlar va doimiy aloqalar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi haqida so‘z borgan.
“Bu borada o‘tgan yil juda samarali bo‘ldi. Ozarbayjon Prezidenti O‘zbekistonga uch marta tashrif buyurdi. Davlat tashrifi muhim hujjatlar to‘plami imzolanishi bilan belgilandi. Davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish deklaratsiyasi munosabatlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi”, degan Asadov.
Ayni paytda O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifiga hukumatlar orqali qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Uchrashuvda Ozarbayjon tomonidan ishg‘oldan ozod qilingan hududlarni tiklash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil ma’lumot berilgan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishg‘oldan ozod etilgan Fuzuli shahrida 960 o‘rinli maktab qurilayotgani uchun minnatdorlik bildirilgan.
Tomonlar 18 iyul kuni Shusha shahrida bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiya yig‘ilishi muhimligini bildirgan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar Ozarbayjon-O‘zbekiston o‘zaro manfaatli hamkorligini mustahkamlashga xizmat qilishi aytilgan.
Hukumat raislari sarmoyaviy hamkorlikning yaxshi dinamikasini qayd etib, kecha Shusha shahrida Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya jamg‘armasi tashkil etilishi munosabati bilan ta’sis hujjatlari imzolanganining ahamiyati haqida so‘z ochgan. Qo‘shma Investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida baholangan.
Ular transport-tranzit sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ijobiy baholagan. O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasida yuk tashishning umumiy hajmi 65 foizdan ortiqqa oshgan. Transkaspiy xalqaro transport yo‘lining (O‘rta yo‘lak) ahamiyati alohida urg‘ulangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov tashrif doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qabulida bo‘lgan edi.
LiveBarchasi