O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘zgacha birodarlik rishtalari bilan bog‘langan – Saida Mirziyoyeva
Jamiyat
−
21:38 699 2 daqiqa
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘zgacha birodarlik rishtalari bilan bog‘langan va bu iliqlik xalqlarning bir-biriga cheksiz mehr-oqibatida doim sezilib turadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Kuni kecha yurtimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev boshchiligidagi oliy martabali mehmonlarimizni va ularning oila a’zolarini katta ehtirom bilan kutib oldik.
Mamlakatlarimiz o‘zgacha birodarlik rishtalari bilan bog‘langan. Bu iliqlik nafaqat rasmiy aloqalarda, balki xalqlarimizning bir-biriga cheksiz mehr-oqibatida doim sezilib turadi. Tariximiz, madaniyatimiz va an’analarimizdagi mushtaraklik bugun infratuzilmadan to investitsiyalargacha — ko‘plab sohalardagi yangi qo‘shma loyihalar ko‘rinishida yanada boyimoqda”, deydi Saida Mirziyoyeva.


Uning bildirishicha, ushbu tashrif ko‘p qirrali aloqalar tarixida yana bir muhim sahifani ochgan. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi va ushbu hujjatning nomiyoq bugun O‘zbekiston hamda Ozarbayjonni bog‘lab turgan rishtalarning tub mohiyatini aniq ifodalaydi.



“Ozarbayjonlik do‘stlarimizni O‘zbekistonda ko‘rishdan har doim xursandmiz. Hamisha bag‘rini ochib sizni qarshi oladigan diyorimizga xush kelibsiz, aziz qardoshlar!” deydi Prezident Administratsiyasi rahbari.



Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ozarbayjonlik mavqedoshi Ilhom Aliyev bilan tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma va salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi, qator qo‘shma loyihalarga start berildi. Yetakchilar ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tashrif doirasida Ozarbayjon Prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi. Davlat rahbarlari Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochish va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlarini boshlash marosimlarida ishtirok etdi.
Kecha, 24 avgust kuni sammit Buxoroda davom etdi. Davlat rahbarlari rafiqalari bilan qadimiy shaharning tarixiy obidalarini tomosha qildi.
Live
Barchasi