Aripov qo‘shimcha suv yetkazib bergani uchun Tojikiston tomoniga minnatdorlik bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov amaliy tashrif bilan Tojikistonda bo‘lib turibdi. Aripov mamlakat Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashdi. 

“Bizdagi statistikaga ko‘ra so‘nggi uch yilda har ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari ikki yarim barobarga oshdi. O‘zbekistonning Tojikistonga eksporti 2,1 barobarga oshgan bo‘lsa, Tojikiston eksporti qariyb 5 barobar ortdi. Bundan kelib chiqadiki, bizning munosabatlarimiz faqat bir tomonlama manfaatli hamkorlik emas, balki har ikki tomonga naf keltiradi. 

Joriy yilda pandemiya tufayli O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash pasaydi, ammo faqat Tojikiston bilan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,3 foizga oshib, 317 million dollarni tashkil etdi. 

Yaqin yillarda oldimizga qo‘yilgan vazifa — o‘zaro tovar aylanmasini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish imkoniyatiga egamiz”, deydi Abdulla Aripov.

O‘zbekiston Hukumati raisi o‘z so‘zida Tojikiston rahbariyatiga qo‘shimcha suv yetkazib bergani uchun minnatdorlik izhor qilgan. 

“Fursatdan foydalanib, joriy yilda suv tanqis bo‘lishiga qaramasdan, qo‘shimcha suv yetkazib berganingiz uchun Tojikiston tomoniga alohida minnatdorlik bildiramiz”, deydi Bosh vazir. 

U mamlakatlar o‘rtasida turli sohalarda xususan, ilmiy markazlar o‘rtasida tajriba almashish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib,  navbatdagi ishchi guruh yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazishni taklif qilgan. 

Ta’kidlanishicha, pandemiya vaqtida mamlakatlar o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlagani hamkorlikning qay darajada mustahkam ekanini bildiradi. Aripovga ko‘ra, O‘zbekiston bu hamkorlikni davom ettirishga tayyor. 

Bosh vazir tomonidan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgach,  quyidagilarni amalga oshirish taklif etildi:

•    har ikki davlat ziyolilari forumini o‘tkazish;
•    ikki davlat yoshlarining o‘zaro tashrifini amalga oshirish;
•    “Bitta sayohat turi butun mintaqa bo‘ylab” tamoyili ostida, Buyuk Ipak yo‘li brendini rivojlantirish va ziyorat turizmi loyihalarini birgalikda amalga oshirish;
•    ta’lim va tibbiyot borasida hamkorlikni rivojlantirish;
•    O‘zbekistonda Tojikiston madaniyati kunlarini o‘tkazish;
•    Dushanbe shahrida o‘zbek va tojik san’atkorlari ishtirokida konsert dasturlarini tashkil etish;

O‘z navbatida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Kohir Rasulzoda ham tashrif uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. 

“Biz strategik hamkorimiz va ishonchli qo‘shnimiz O‘zbekiston bilan mustahkam aloqalarni qadrlaymiz. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida yechimini topmagan masala qolmadi. Hurmatli Abdulla Nig‘matovich, ushbu majlis tashkil etilgani va undagi ishtirokingiz uchun sizga minnatdorlik bildiraman”, deydi Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Kohir Rasulzoda.  


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing