Arab davlatlari vazirlari Suriya inqirozi muhokamasi uchun Jiddada yig‘ildi
Olam
−
15 aprel 2023
4851Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi hamda Misr, Iordaniya va Iroq davlatlarining Tashqi ishlar vazirlari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida yig‘ilib, Suriyadagi mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishni muhokama qildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal ibn Farxonning taklifiga binoan Jidda shahrida Ko‘rfaz hamkorlik kengashi davlatlari hamda Misr, Iordaniya va Iroq Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi mintaqaviy taranglik yumshay boshlagan bir paytga to‘g‘ri kelgan, biroq u kelishuvsiz yakunlangan.
Tashqi ishlar vazirlari Suriya inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish, bu mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi qadamlarni alohida muhokama qilgan. Biroq Suriyaning arab dunyosi bilan kengroq normallashuvi bir qancha davlatlar uchun nozik masala bo‘lib qolmoqda.
Xususan, shu hafta boshida Qatar Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon Al-Tani 2011 yilda Suriyaning Arab Ligasidagi a’zoligini to‘xtatib qo‘yishning dastlabki asoslari hali ham saqlanib qolayotganini aytgan.
Iordaniya esa uchrashuv oldidan Suriyadagi o‘n yildan ortiq davom etgan mojaroning halokatli oqibatlariga barham berishi mumkin bo‘lgan qo‘shma arab tinchlik rejasini ilgari surayotganini ma’lum qilgan.
Ko‘plab xorijiy kuchlarni o‘ziga jalb qilgan va mamlakatni parchalab tashlagan Suriyadagi urushda yuz minglab odamlar halok bo‘ldi.
Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan halokatli zilziladan keyin mintaqaning boshqa joylarida normallashuv jadallashgani ortidan Abu Dabi va Ummon Suriya bilan aloqalarni yaxshilay boshlagan. Mintaqaviy qudratli Saudiya Arabistoni esa Suriya rahbari Bashar Asad bilan munosabatlarning normallashuviga uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatib kelgan. Biroq Suriyaning asosiy mintaqaviy ittifoqchisi bo‘lgan Eron bilan yaqinlashganidan so‘ng Damashqqa nisbatan ham yangi yondashuv zarurligi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, 2011 yilda Suriya Prezidenti Bashar Asad namoyishlarni shafqatsizlarcha bostirgani uchun G‘arbiy va arab davlatlari uni boykot qilgan edi. Biroq endilikda Misr va Birlashgan Arab Amirliklari kabi arab davlatlari Damashq bilan aloqalarni tiklay boshlagan.
LiveBarchasi