Ar-Riyodda yig‘ilgan arab va islom davlatlari nimaga kelishib oldi?

Tahlil

image
Isroilda vazir G‘azoga atom bombasi tashlashni taklif qildi north_east

Isroilda vazir G‘azoga atom bombasi tashlashni taklif qildi

Arab va islom davlatlari G‘azo sektoridagi janglarni to‘xtatish uchun BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qiladi. Bu haqda Ar-Riyodda yakunlangan Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti qo‘shma sammitining yakuniy bayonotida so‘z borgan.

“Xalqaro gumanitar huquqni buzuvchi bosqinchi davlat tomonidan tajovuzni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy va qonuniy kuchga ega qaror qabul qilish uchun Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilamiz”, deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, mintaqaviy tashkilotlar a’zolari Xavfsizlik Kengashidan Isroilning tinch aholi manzillariga hujumlarini, suv va elektr ta’minotini to‘xtatishini, shuningdek, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami kirishiga to‘sqinlik qiluvchi va aloqa tizimini izdan chiqaradigan harakatlarini qoralashni talab qilish niyatida. Bayonotda anklavdagi blokadani bekor qilish, insonparvarlik karvonlarining uzluksiz o‘tishini ta’minlash hamda BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ish olib borish agentligi xodimlari xavfsizligini kafolatlash talab etiladi.
 
Sammit ishtirokchilari BMT Bosh Assambleyasining Falastin anklavida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasi muhimligini ta’kidlagan. Ularning fikricha, bu talabga e’tibor bermaslik Isroilga begunoh odamlar, bolalar, qariyalar va ayollarni o‘ldirish, G‘azo sektorini xarobaga aylantirish orqali o‘zining shafqatsiz tajovuzini davom ettirishga imkon beradi.
 
Isroilga qurol eksport qilishni to‘xtatish

Sammit ishtirokchilari xalqaro hamjamiyatni Isroilga qurol eksportini to‘xtatishga chaqirgan

"Biz barcha mamlakatlarni armiya va ko‘chmanchilar Falastin fuqarolarini o‘ldirish va ularning uylari, shifoxonalari, maktablari, masjidlari va cherkovlarini vayron qilish uchun ishlatadigan bosqinchi hokimiyatlarga qurol va o‘q-dorilarni eksport qilishni to‘xtatishga chaqiramiz", deyiladi hujjatda.

Isroilning "harbiy jinoyatlari" bo‘yicha tergov

Shuningdek, ular Xalqaro jinoiy sud prokuroridan Isroilning G‘azo sektorida sodir etgan “harbiy jinoyatlari”ni tekshirishni so‘ragan.

“Xalqaro jinoiy sud bosh prokuroridan Isroil tomonidan bosib olingan barcha hududlarda, jumladan Sharqiy Quddusda Falastin xalqiga qarshi sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qilishni so‘raymiz”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Sammit ishtirokchilari Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti kotibiyatlariga Isroil armiyasi Falastin anklavida sodir etishi mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlar dalillarini hujjatlashtirishni topshirgan. Bayonotga ko‘ra, hududiy tashkilotlar kotibiyatlari tomonidan OAV faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha ikkita komissiya tuziladi. Tashkil etilganidan keyin 15 kun ichida ular Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti Kengashlariga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etishi kerak. Keyin har oyda ehtimoliy harbiy jinoyatlar haqida dalillar taqdim etiladi.
 
Bundan tashqari, mintaqaviy tashkilotlarga a’zo davlatlar Isroilni Falastin xalqiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish bo‘yicha huquqiy va siyosiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash niyatida.

Garovga olinganlarni ozod qilish

Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari Yaqin Sharqdagi mojaroning so‘nggi avj olishi oqibatida garovga yoki hibsga olingan barcha odamlarni ozod qilishga chaqirgan.

"Biz barcha mahbuslar va tinch aholini ozod qilish zarurligini yana bir bor tasdiqlaymiz va Isroil minglab falastinlik mahbuslarga qarshi sodir etayotgan jinoyatlarini qoralaymiz. Biz xalqaro hamjamiyatni va tegishli xalqaro tashkilotlarni [Isroilga] bosim o‘tkazishga, bu jinoyatlarni to‘xtatib, ularni sodir etganlarni qoralashga chaqiramiz. Shuningdek, biz ishg‘olchi armiya (Isroil mudofaa kuchlari nazarda tutilmoqda), yahudiy ko‘chmanchilar tomonidan sodir etilgan qotilliklarni, shuningdek, Al-Aqso masjidi hamda barcha islom va nasroniy ziyoratgohlariga qilingan hujumlarni to‘xtatishga chaqiramiz. Biz xalqaro hamjamiyatga yahudiy radikal guruhlarini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishni so‘rab murojaat qilamiz”, deyiladi hujjatda.

Taqiqlangan qurollardan foydalanish

Arab ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari Kimyoviy Qurollarni Taqiqlash Tashkilotidan Isroilni xalqaro konvensiyalarda taqiqlangan qurollardan foydalangani uchun tekshirishni so‘ragan.

"Isroilning G‘azo sektori va Livanga hujumlarida xalqaro miqyosda taqiqlangan oq fosforli o‘q-dorilardan foydalanganini hamda Livanni "tosh davri"ga qaytarish haqidagi bir necha bor bayonotlari va tahdidlarini qoralagan holda, tegishli tekshiruv o‘tkazish uchun Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotiga murojaat qilishni zarur deb hisoblaymiz", deyiladi hujjatda.

Sammit ishtirokchilari, shuningdek, “Isroil bosqinchi hukumati a’zolarining ekstremistik va misantropik bayonotlari, jumladan, vazirlardan birining G‘azo sektorida Falastin xalqiga qarshi yadro qurolini qo‘llash tahdidi”ni ham qoralagan. Shu munosabat bilan bayonot mualliflari konferensiyaning navbatdagi sessiyasini Yaqin Sharqda yadro quroli va ommaviy qirg‘in qurollarining boshqa turlaridan xoli hudud yaratish masalasi bo‘yicha o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan.

G‘azodagi vaziyatni hal qilish uchun konferensiya

Bundan tashqari, arab va islom davlatlari G‘azo sektoridagi vaziyatni yaqin kelajakda hal qilish uchun xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirgan.

"Biz imkon qadar tezroq xalqaro tinchlik konferensiyasini o‘tkazishga chaqiramiz. Buning sharofati bilan biz xalqaro huquq va “hudud uchun tinchlik” tamoyiliga asoslangan tinchlik jarayonini muayyan muddatda va xalqaro kafolatlar bilan boshlashimiz mumkin. Bu 1967 yilda Isroil tomonidan bosib olingan Falastin hududlarida isroilliklarning ishg‘oliga chek qo‘yadi”, deyiladi bayonotda.
 
Shuningdek, ishtirokchi davlatlar Falastin hukumati va BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam agentligiga moliyaviy va gumanitar yordam ko‘rsatish uchun islomiy moliyaviy xavfsizlik tarmog‘ini ishga tushirish niyatida ekanini tasdiqlagan. Qayd etilishicha, moliyaviy xavfsizlik tarmog‘i mojaroning qizg‘in bosqichi tugagandan so‘ng, G‘azo sektorini qayta qurish va Isroil agressiyasining halokatli oqibatlarini bartaraf etishda xalqaro hamkorlarni jalb qilish zarurligini ko‘rsatadi.
 
G‘azoga nisbatan ikki tomonlama standartlar siyosati

Bayonotga ko‘ra, Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari Isroil va G‘azo sektoriga nisbatan ikki tomonlama standartlar siyosatini qoralaydi. Ta’kidlanishicha, bu ikkilik siyosati Isroilni himoya qiladigan va uni qonundan ustun qo‘yadigan davlatlarga ishonchni jiddiy ravishda yo‘qotadi.  

“Biz xalqaro hamjamiyatni Isroilni bosqinchi davlat sifatidagi majburiyatlarini bajarishga jalb qilishga va Falastin xalqiga gumanitar yordamdan zudlik bilan, xavfsiz va barqaror foydalanish imkoniyatini berishga chaqiramiz”, deyiladi hujjatda.

Arab Ligasi va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari g‘azoliklarni anklav shimolidagi uylarini tark etishga majburlash urinishlarini ham qoralagan.

“Biz G‘azo sektori yoki G‘arbiy Sohil, jumladan Quddusdagi shaxslar yoki guruhlarni majburan ko‘chirishga qaratilgan har qanday urinishlarga qat’iyan qarshiligimizni bildiramiz va bunday harakatlarni qizil chiziq va jinoyat deb bilamiz. Shuningdek, biz ichki ko‘chirilganlarni zudlik bilan o‘z shaharlari va uylariga qaytarish zarurligini ta’kidlaymiz”, deyiladi arab va islom davlatlari rahbarlari sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud tomonidan tashkillashtirilgan mazkur sammitda ko‘plab davlatlar rahbarlari, xususan, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Suriya Prezidenti Bashar Asad, Iordaniya Qiroli Abdulla II, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kabi rahbarlar qatnashdi. O‘zbekiston delagatsiyasiga esa Bosh vazir Abdulla Aripov boshchilik qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Arab davlatlari ligasi sammit BMT G'azo Islom hamkorlik tashkiloti Ar-Riyod arab va islom davlatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made