Ar-Riyodda AQSH-Rossiya muzokaralari boshlandi (video)
Olam
−
18 fevral
7076Saudiya Arabistonida bugun, 18 fevral kuni AQSH va Rossiya vakillarining uzoq vaqtdan beri birinchi rasmiy uchrashuvi boshlandi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Bugun ertalab ikki davlat delegatsiyalari Ar-Riyodda muzokaralar o‘tkazdi, muzokaralarda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Muzokaralarda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, AQSHdan Davlat kotibi Marko Rubio, Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etmoqda.
Ukraina va Yevropa davlatlari muzokaralarda ishtirok etmayapti. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, Kiyev tadbir o‘tkazish rejalari haqida xabardor qilinmagan va unga taklif qilinmagan. U Saudiya Arabistonidagi Ukraina vakillari AQSH va Rossiya delegatsiyalarining uchrashuvida ishtirok etmasligini tasdiqladi.
“Ukraina Ukrainasiz Ukraina bo‘yicha olib borilgan har qanday muzokaralarni hech qanday natija bermagan deb hisoblaydi va bizsiz biz haqimizda hech qanday narsa yoki kelishuvni tan olmaymiz. Biz bunday kelishuvlarni tan olmaymiz”, deydi u.
Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha, Italiya, Ispaniya va Daniya rahbarlari kecha, 17 fevral kuni kechqurun Parijda favqulodda sammit uchun uchrashdi. Uchrashuvda ular kelajakda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
AQSHning Ukraina bo‘yicha Kiyev ishtirokisiz Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatgani uchun tanqidlar to‘lqinidan so‘ng, Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus Ar-Riyoddagi uchrashuv “muzokaralarning boshlanishi” emas, balki AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbatining davomi ekanligini aytdi.
“Menimcha, buni tafsilotlarga yoki muzokaralardagi taraqqiyotga taalluqli narsa sifatida ko‘rish kerak emas”, dedi Bryus.
Avvalroq Trampning o‘zi yaqin orada Saudiya Arabistonida Putin bilan shaxsan uchrashib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatish masalasini muhokama qilish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham tinchlik muzokaralarida ishtirok etishiga va’da berdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

