Apreldan 10 ta davlat xizmati onlayn formatga o‘tkaziladi
Jamiyat
−
04 fevral 2020
5541Joriy yilning 1 aprelidan boshlab yana 10 ta davlat xizmati onlayn formatga o‘tkaziladi. Bu Prezidentning 2020 yil 31 yanvardagi PF-5930-son farmonida nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda "Norma".
1 apreldan boshlab Toshkent shahrida quyidagi davlat xizmatlarini faqat YAIDXP hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy saytlari orqali olish mumkin:
• O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi o‘simliklar va ularning qismlarini olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
• O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, hayot faoliyati mahsulotlari, zoologiya kolleksiyalari, trofeylar, tulumlarni olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
• O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomnikni, shuningdek, zoologik kolleksiyalarni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi guvohnoma;
• Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik sub’ektining o‘zi to‘g‘risida ko‘chirma;
• Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestridan ko‘chirma, maxfiy axborot bundan mustasno;
• Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestridan so‘ralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish;
• Tadbirkorlik sub’ektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatini elektron shaklda berish, olish imkoniyati qonun hujjatlari bilan cheklangan ma’lumotlar bundan mustasno;
• manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim etish;
• soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarni soliq organlarida hisobga qo‘yish, STIR berish;
• yakka tartibdagi tadbirkorning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini to‘xtatib turish.
Bunda Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi uni yuritish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan holda Davlat xizmatlari agentligiga o‘tkazildi.
Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda Davlat xizmatlari markazlari filiallari bosqichma-bosqich ochiladi. Shu tarzda mahalliy aholiga keng qamrovli, shu jumladan mobil (sayyor) davlat xizmatlarini ko‘rsatish, YAIDXPdan foydalanish bo‘yicha maslahatlar berish ta’minlanadi. Filiallar mahallalarning fuqarolar yig‘inlari binolarida, biroq zarur hollarda esa - alohida, shu jumladan DXSH shartlari asosida qurilgan binolarda joylashtiriladi.
Agentlik tuzilmasida yangi davlat xizmatlarini raqamlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi. Uning xodimlari davlat xizmatlari ko‘rsatishda qo‘llaniladigan elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish uchun ma’lumotlarni raqamlashtirish bilan shug‘ullanadi. Ushbu yo‘nalishda yaqin uch yil uchun mo‘ljallangan ishlar rejasi tasdiqlandi.
Sug‘urta kompaniyalariga Davlat xizmatlari markazlari egallab turgan binolarda va hududlarda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini tuzish hamda majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha xizmatlar reklamasini joylashtirishga ruxsat berildi.