Barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi
Jamiyat
−
16 iyul 5342 2 daqiqa
O‘zbekistonda barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi. Bu haqda bugun, 16 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
“Mahalla – xalqqa eng yaqin boshqaruv bo‘g‘ini. Odamlarning kundalik masalalari shu yerning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliksiz hal bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.
Qayd etilishicha, hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi.
Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida samarali tajriba yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda Axborot va xizmat markazi tashkil etilib, 8 ta olis mahalla aholisi uchun bir joyda 980 ta davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.
Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida ham Vengriyaning “aqlli qishloq” tajribasi asosida shunday markaz tashkil etilmoqda.
Bildirilishicha, yil yakunigacha Norin va Xovos tajribalarini Qo‘ng‘irot, Konimex, Boysun, Qamashi, Qo‘shrabot, Tuproqqal’a, G‘ijduvon, Forish, Beshariq, Jalaquduq va Ohangaron tumanlarida joriy etish topshirilgan. Urganch shahridagi Olimpiya mahallasida yo‘lga qo‘yilgan “aqlli mahalla” tajribasi esa har bir viloyatning 10 tadan mahallasida tatbiq qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda mahalla raislariga xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati berilishi haqida xabar qilingan edi.
Live
Barchasi