Aprel oyidan ayrim soliq stavkalari oshiriladi

Jamiyat

image

2024 yilning 1 aprelidan boshlab bir qator mahsulotlar uchun soliq stavkalari oshiriladi, QQS bo‘yicha “nol” stavkali imtiyozlar bekor qilinadi, og‘irligi 10 tonnadan ortiq yuk avtomobillariga yo‘l yig‘imi joriy etiladi. Bu haqda 2024 yilgi soliq o‘zgarishlari to‘g‘risidagi hujjatda ma’lumot berilgan.

Yonilg‘i. O‘zbekistonda 1 apreldan AI-80 benzini, dizel, suyultirilgan gazga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 12 foizga oshiriladi va quyidagi summada soliqqa tortila boshlaydi:

  • AI-80 benzini 1 tonnasi uchun 340 000 so‘m (hozirda 303 000 so‘m);
  • dizel 1 tonnasi uchun 326 000 so‘m (hozir 291 000 so‘m);
  • suyultirilgan gaz 1 tonnasi uchun 904 000 so‘m (hozir 807 000 so‘m);
  • aviakerosin (sintetikdan tashqari) 1 tonnasi uchun 271 000 so‘m  (hozir 242 000 so‘m/tonna);
  • EKO dizel yoqilg‘isi (sintetikdan tashqari) 1 tonnasi uchun 293 000 so‘m (hozir 262 000 so‘m) bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AI-91 va undan yuqori benzin markalari uchun stavka o‘zgarishsiz (303 ming so‘m) qoladi.

Oziq-ovqat mahsulotlari. Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi, xushbo‘ylashtiruvchi moddalar bo‘lgan, gazlangan hamda iste’mol qadog‘iga qadoqlangan ichimliklarga 1 litri uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i, energetik va tonik ichimliklar litri uchun 2000 so‘mlik aksiz solig‘i joriy etiladi. 

Yo‘l yig‘imi. Og‘irligi 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 dan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (1,7 million so‘mdan 3,4 million so‘mgacha) yo‘l yig‘imi joriy etiladi. 

QQS. Aholiga suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitar tozalash va issiqlik ta’minoti sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun QQSning “nol” stavkasi bekor qilinadi va ushbu xizmatlar uchun haq to‘lashda 12 foizlik QQS olinadi. Shuningdek, O‘zbekiston hududida xizmat ko‘rsatuvchi xorijlik jismoniy shaxslardan ham QQS undiriladi. Ilgari faqat xorijlik yuridik shaxslar uchun QQS qo‘llanilar edi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing