Apple mijozlariga 250 mln dollar tovon puli to‘laydi

Texnologiya

image

Amerikaning Apple korporatsiyasi xaridorlarning Apple Intelligence funksiyalari haqidagi noto‘g‘ri reklama va Siri ovozli yordamchisi yangilanishlarini kechiktirganlikda ayblagan jamoaviy da’vosi doirasida 250 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda “9to5mac” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, sudya eshituvlardan so‘ng “tinchlik bitimi”ni dastlabki tarzda tasdiqlagan. Da’vogarlarning bildirishicha, korporatsiya 2024 yilgi WWDC taqdimotida o‘sha paytda tayyor holda mavjud bo‘lmagan sun’iy intellekt imkoniyatlarini reklama qilib, mijozlarni smartfonlarni yuqoriroq narxda sotib olishga undagan.

Kelishuv doirasida Apple menejment tomonidan qoidabuzarliklar bo‘lganini tan olmagan, biroq moliyaviy kompensatsiyalar uchun mablag‘ ajratishga rozi bo‘lgan.

2024 yil 10 iyundan 2025 yil 29 martgacha sotib olingan iPhone 15 Pro, iPhone 15 Pro Max, shuningdek, iPhone 16 turkumidagi barcha smartfon egalari to‘lovlarni olishga da’vogarlik qilishlari mumkin.

Bitta smartfon uchun bazaviy to‘lov taxminan 25 dollarni tashkil etadi, arizalar soni kam bo‘lgan taqdirda esa kompensatsiyaning maksimal miqdori 95 dollargacha yetadi.

Arizalarni qabul qilish haqidagi bildirishnomalarni Verita Global administratori 2026 yil 31 avgustgacha yuboradi, to‘lovlarning suddagi yakuniy tasdiqlanishi esa 2027 yil 29 sentyabrga rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing