Apellyatsiya sudida G‘ayrat Do‘stovning mayda bezorilik sodir etgani tasdiqlandi – Aziz Obidov

Jamiyat

image

Bugun, 3 yanvar kuni Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasida Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudining 2024 yil 26 dekabrdagi qaroriga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan G‘ayrat Do‘stov ishi ko‘rib chiqildi. Apellyatsiya sudida G‘ayrat Do‘stovning mayda bezorilik sodir etgani tasdiqlanib, birinchi instansiya sudi tomonidan uning harakati to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb topildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.

1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan G‘ayrat Do‘stovning advokatlari tomonidan birinchi instansiya sudining qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari sudya Farruh Ergashev raisligida ko‘rib chiqildi.

Bildirilishicha, sud G‘ayrat Do‘stov avval ham (1 yil mobaynida) aynan shu turdagi huquqbuzarligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganligi sababli advokatlarning G‘ayrat Do‘stovga yarashuvga bo‘lgan huquqini tushuntirmaganligi haqidagi vajlari bilan kelishmagan.

"Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 3 yanvardagi ajrimiga muvofiq G‘ayrat Do‘stovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi tomonidan chiqarilgan qaror o‘zgartirilib, huquqbuzarning pushaymonligi, sog‘lig‘i hamda mahalla yettiligining unga yengillik berishni so‘rab kafillik bildirilganligi inobatga olingan holda unga tayinlangan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi 8 sutka ma’muriy qamoq jazosiga keltirildi. Bugungi kun holatiga G‘ayrat Do‘stov jazoni to‘liq o‘taganligi bois sud zalidan ma’muriy qamoqdan ozod qilindi", deyiladi xabarda.

Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasi qarori ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berishi, prokuror esa protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

G'ayrat Do'stov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing