Adolat 15 sutkaga qamaldi
Tahlil
−
02 yanvar
11892Qo‘l ostidagi xodimini haqorat qilgani yoki bo‘ralatib so‘kkani uchun 15 sutkaga qamalgan amaldorni bilasizmi? Yoki yozilgan qonunlarni buzib, aholi yashaydigan joyda “zapravka” qurgani uchun qamalganlarni-chi? Uni ham qo‘ying, ichkariga oyog‘i bilan kirgan mahbusning o‘ligiga sabab bo‘lganlarning qamalganini eshitganmisiz? Yo‘q, eshitmagansiz. Lekin o‘zining puliga gaz yoki benzin sotib olmoqchi bo‘lib “zapravka”da kunlab navbat kutib, sabr kosasi to‘lgan, achchiq haqiqatni aytib tepadagilarning yuziga oyna tutgan odam qamalganini eshitasiz. O‘zbekiston bu.
31 dekabr kuni ijtimoiy tarmoq yangi yil tabriklari bilan emas, o‘z haqqini talab qilgan O‘zbekiston fuqarosining 15 sutkaga qamalgani haqidagi xabar bilan to‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda navbat kutib charchaganini aytib, oyoq kiyimini yechib, achchiq gaplarni aytib, o‘z haqqini talab qilgan odamning videosi tarqalgandi.
“Men bu yerda kechasi bilan yotdim. Qani haqiqat? Nima qilyapsizlar? Prezident qayerga qarayapti? Avtomat olib chiqib otib tashlanglar bir kishini. Benzin olay, desang, uniyam ololmaysan. Quyadigan benziniga mashinani motori erib ketadi. Buni nazorat qiladigan tashkilot yo‘qmi? O‘zbekiston kambag‘al qoloq davlat emas-ku. Yerosti va yerusti boyliklarimiz bor-ku”, degan G‘ayrat Do‘stov.
Kechasi bilan gaz “zapravka”da navbat kutib, endi og‘zi oshga yetganda “zapravka” yopilganidan jig‘ibiyron bo‘lib, sal qolsa yig‘lab yuboray deyayotgan bu odam 15 sutkaga qamaldi.
U avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi xodimlarini turli so‘zlar bilan haqoratlab, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik sodir etganlikda ayblanmoqda. Erkak bu chiqishidan keyin IIBga chaqirtirilgani haqida ham gaplar bolalagan edi. Oradan bir necha soat o‘tib uning boshqa videosi tarmoqlarga sizdirildi va fuqaro aybli ish qilmagani va hech kimdan uzr so‘ramasligini aytdi.
“Men gapirgan gaplarim, bildirgan shikoyatlarim uchun, og‘zimdan qo‘pol so‘zlar chiqqan bo‘lsa, tepadagilardan, mas’ul shaxslardan, birortangizdan kechirim so‘ramoqchi emasman. Agar xudodan qo‘rqmasanglar, eng oliy jazo otuvga hukm qilib yuboringlar. Lekin men birortalaringdan kechirim so‘ramayman”, degan u.
Aftidan, u uzr so‘rashga majbur bo‘lgan har holda sud hujjatida shunday yoziladi. 2024 yil 26 dekabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida sudya Dadaxonova raisligida sud majlisi bo‘lib o‘tgan.
Sud hujjatida yozilishicha, fuqaro G‘ayrat Do‘stov 2024 yil 23 dekabr kuni Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan “Morotrans” MCHJ gaz quyish shoxobchasida xodimlarini turli so‘zlar bilan haqoratlab, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik qilgan.
“Sudda huquqbuzar shoxobcha yopilganligi sababli jahl ustida shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqorat qilib, baqir-chaqir qilganligini, hozirda qilgan ishidan pushaymonligini, kelgusida bunday holat boshqa takrorlanmasligini bayon qilib, suddan unga yengillik berishni so‘radi”, deyiladi sud qarorida.
Sudya Dadaxonova G‘ayrat Do‘stovni O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan va 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Ma’muriy qamoq jazosini o‘tash 2024 yil 26 dekabr soat 14:20 dan boshlab hisoblangan. Demak, erkak aynan shu kuni qamoqqa olingan. Lekin uning yaqinlari bu haqda 31 dekabr kuni xabar topgani aytilmoqda.
O‘z haqqini talab qilgan fuqaroning qamalishi odamlar orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoq faollari G‘ayrat Do‘stovning qamalishi adolat va haqiqatning qamalishi deb yozmoqda. Bu holat huquq-tartibot idoralari va sud tizimiga nisbatan ishonchsizlikni ham orttirmoqda.
Advokat Abdumalik Abdullayev G‘ayrat Do‘stov ustidan e’lon qilingan qaror haqida yozar ekan, o‘z postini “Bir qaror misolida sudyaning saviyasi”, deb boshlagan.
“Birinchidan, qarorning voqea tafsilotini bayon qiluvchi qismida go‘yo-ki huquqbuzarlik sodir etilgan, deb iddao qilingan vaqt aniq ko‘rsatilmagan. Vaholanki, vaqt deyilganda yil, oy, kun va soatlar tushuniladi.
Ikkinchidan, voqea tafsilotida go‘yo-ki, u shoxobcha xodimlarini turli so‘zlar bilan haqoratlaganligi iddao qilingan, lekin aynan qanday so‘zlar bilan haqoratlaganligi, u so‘zlar haqorat sanalishi yoki sanalmasligi mavhumligicha qolib ketgan.
Vaholanki, mayda bezorilik deb atalmish huquqbuzarlikning yagona belgisi bu, jamoat joyida sodir etilishining o‘zigina emas.
Agar shaxs muayyan shaxs(lar)ga qarata haqorat qilgan bo‘lsa, haqoratlangan shaxs (lar)ning shaxsini aniqlash va shaxsga qaratilgan qilmish, deb baholanishi kerak bo‘lib qoladi.
Uchinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 294-moddasidan kelib chiqsak, G‘.Do‘stovning ushbu vaziyatdagi protsessual huquqiy maqomi “ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs” deb yuritilishi kerak bo‘lgani holda, hali qaror chiqarilmasdan oldin uni “huquqbuzar” deb atab qo‘yilgan.
To‘rtinchidan, qarorda G‘.Do‘stovga jazo tayinlashda aybiga iqrorligini go‘yoki inobatga olganligini ko‘rsatib, amalda esa, modda sanksiyasi doirasidagi maksimal jazo tayinlanibdi. Kechirasiz-u, biz aybiga iqrorlikni jazoni og‘irlashtirishga emas, balki yengillashtirishga xizmat qiluvchi holatlardan biri deb, bilar edik.
Shu joyda sudning so‘zi bilan amali bir-biriga muvofiq kelmabdi.
Beshinchidan va hammasidan ham kulgilisi, sud jazo tayinlashda huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasini ham inobatga olib qo‘yibdi.
Ajabo! Ma’muriy huquqbuzarlikda ijtimoiy xavflilik belgisi ham bo‘lar ekan-da?!
Hurmatli sudya xonim!
Jinoyatni ma’muriy huquqbuzarlikdan ajratib turuvchi yagona belgisi bu, aynan ijtimoiy xavfliligi emasmidi?”, deb yozadi advokat.
15 sutkaga qamalgan har bir fuqaro xalq tili bilan aytganda “panelniy”da saqlanadi. Inson huquqlari faoli Ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov esa G‘ayrat Do‘stov “panelniy”da emas, Toshkent shahar IIBBga olib ketilgani haqida yozmoqda.
“Bektemir tuman sudi tomonidan 15 sutkaga qamalgan G‘ayrat Do‘stov so‘roq uchun 27 dekabr kuni Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan. Bugun uning advokati Adham aka bilan “Panelniy”dagi saqlov izolyatoriga bordik. Navbatchining aytishicha, u Toshkent shahar IIBBda saqlanmoqda. Ayni paytda Toshkent shahar IIBBning navbatchilik qismi dam olish kuni bo‘lgani bois u bilan uchrashuvimizga ruxsat berishmadi. Sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tayotgan shaxsni nega so‘roqqa olib ketishgani va u yerda ushlab turishgani sababini tushuntirishmadi”, deb yozadi Abdurahmon Tashanov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozircha 3 nafar advokatda uni himoya qilishga order bor. Ammo dam olish kunlari bo‘lgani sababli hozirgacha advokatlar G‘ayrat Do‘stov bilan uchrasha olmagan. Ko‘ngilli advokatlar soni esa 10 nafardan ortgan.
G‘ayrat Do‘stov haqiqatan ham “panelniy”da emas, Toshkent shahar IIBBdami degan savol bilan IIV matbuot xizmati rahbari Shoxruh G‘iyosov bilan bog‘landik. G‘iyosov G‘ayrat Do‘stovni Toshkent shahar IIBBga olib ketilganini tasdiqlagani yo‘q. Ammo inkor ham qilmadi. IIV voiziga ko‘ra, G‘ayrat Do‘stov “panelniy”dan IIBBga olib ketilgan taqdirda ham bu qonun buzilishi emas.
“U 15 sutkaga qamalgan bo‘lsa ham boshqa bir voqeaga guvoh bo‘lishi yoki aloqador bo‘lishi mumkin. Bunday holatda qachon 15 sutka o‘tirasan, deb kutib o‘tirish kerakmi?” deydi G‘iyosov savolga savol bilan.
Bu kabi holatlar sodir bo‘lganda birinchilardan bo‘lib, munosabat bildirishi kerak bo‘lgan Ombudsman hozirgacha miq etmadi. Aksincha, tarmoqlarda G‘ayrat Do‘stov va uning oilasiga yordam beradiganlar ko‘paydi. Lekin bu orada G‘ayrat Do‘stov yolg‘on gapirgani, u farzandlariga nafaqa bermasligini yozganlar ham bor.
Ammo bir narsani yoddan chiqarmaslik zarur. Asosiy masala uning oilasi va undagi muammolar yoki yagona boquvchiman deb yolg‘on gapirgani emas, uning ovozi chiqqani uchun 15 sutkaga qamalishida.
Tarmoq faollari G‘ayrat Do‘stovning 15 sutkaga qamalishi haqida yozarkan, o‘rtaga bitta asosiy savol chiqmoqda. “Muammoni aytgan odam qamalgani bilan “zapravka”lardagi navbatlar tugadimi?” Yo‘q, na gaz muammosi, na boshqalari hal bo‘lgani yo‘q. Shunchaki haqiqat achchiqlik qildi, xalq dardini aytgan odam qamaldi.
LiveBarchasi