“Anu bola nima divotti?” Nazarbekovning birinchi o‘rinbosari endi ikkita

Madaniyat-san’at

image

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov endi Hukumatda nafaqat mashhurligi, balki rasman ikki birinchi o‘rinbosarga egaligi bilan ajralib turadi. Boisi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimi ikkita bo‘lib qoldi. 

Gap shundaki, bugun, 3 noyabr kuni Madaniyat vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda tashkiliy masala ko‘rilib, jamoaga madaniyat vazirining yangi tayinlangan o‘rinbosarlari tanishtirildi. To‘g‘rirog‘i, bir vaqtning o‘zida ikkita birinchi o‘rinbosar tanishtirilgan. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 sentyabrdagi qaroriga muvofiq Bahodir Majidovich Ahmedov Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Garchi tayinlov sentyabrda amalga oshirilgan bo‘lsa-da, vazirlik xodimlari adashib ketmasligi uchun yig‘ilishda uning ham qariyb bir oy avval lavozimga tayinlangani takror e’lon qilib o‘tilgan. 

U mazkur tayinlovga qadar Madaniyat vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi. Endi uning maqomi – birinchi o‘rinbosar. 

Lekin Ahmedovning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Vazirning birinchi o‘rinbosari kursisini yana bir kishi bilan bo‘lishadi – kassabop xususiy filmlar prodyuseri Avazxon Tojixonov.

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 30 oktyabrdagi qaroriga asosan Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi (!).

Tayinlovga qadar Tojixonov Adliya vazirligi “Konvension markaz majmuasi direksiyasi” DUK direktori lavozimida faoliyat yuritgan. 

Shuningdek, yig‘ilishda yana esdan chiqib qolmasin deb O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 sentyabrdagi qaroriga muvofiq Yusufjon Usmonov Madaniyat vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 

Mazkur tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining Iqtisodiyot, davlat investitsiya dasturlari va jamoat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini audit qilish sho‘’basi bosh inspektori lavozimida faoliyat yuritgan. 

Yig‘ilishda so‘z olganlar yangi tayinlangan vazir o‘rinbosarlariga mas’uliyatli faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyat tilagani aytilmoqda. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Madaniyat vazirining ikki birinchi o‘rinbosariga bitta xizmat avtomobili xizmat qilib, bitta xonada o‘tiradimi? Oylik-chi? Oylikni bo‘lishib olisharmikin? 


Maqola muallifi

Teglar

Bahodir Ahmedov Avaz Tojixonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing