Ispaniya termasidagi debyut o‘yinim aynan O‘zbekistonga qarshi bo‘lgan – Xose Venansio Lopes

Sport

image

Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Xose Venansio Lopes mazkur tayinlov va yangi shogirdlarining imkoniyatlari haqida gapirdi.

“Avvalo, O‘zbekiston terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanganimdan xursandman. O‘FA rahbariyati mamlakatda futzal bo‘yicha ulkan loyiha amalga oshirilayotganini aytdi. Hozircha faqatgina tashkiliy ishlar bilan band bo‘laman, jamoa bilan Osiyo kubogi saralash bosqichidan so‘ng mashg‘ulotlarni boshlayman. Unga qadar murabbiy Bahodir Ahmedov jamoa bilan ishlaydi. O‘ylaymanki, bir jamoa bo‘lib ishlasak, albatta, ko‘zlangan natijaga erishamiz”, deydi Xose Venansio Lopes.

Venansioning aytishicha, u O‘zbekiston terma jamoasi bilan yaxshi tanish. Chunki Lopesning Ispaniya terma jamoasi murabbiyi sifatidagi debyut o‘yini aynan O‘zbekistonga qarshi bo‘lgan. 

“Litvadagi Jahon chempionati oldidan Ispaniyada tashkil etilgan yig‘inda ham jamoaning uslubini o‘rganib chiqqanmiz”, deydi murabbiy.

Shuningdek, yangi murabbiy termaning avvalgi ustozi Bahodir Ahmedovning jamoa bilan bungacha olib borgan faoliyatini yuqori baholadi. 

“Eng muhimi, O‘zbekistonda futzal rivojlanib bormoqda. Ispaniyalik Xose Mariya Mendez bu yerda faoliyat yuritgan. U mening yaqin do‘stim va juda kuchli mutaxassis bo‘lib, u boshlagan ishni Bahodir Ahmedov ham a’lo darajada davom ettirdi. Yaxshi shakllangan jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanganimdan xursandman. Futzalchilarning darajasi anchagina yuqori. Himoyada harakatlanish va hujumga tezkorlik bilan o‘tish ustida alohida ishlaymiz”, deydi Venansio. 

Anjumanda so‘z olgan O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov yangi murabbiy bilan ko‘zlangan asosiy maqsadlarga to‘xtalib o‘tdi. 

“Jahon chempionatida ishtirok etishimiz aniq, biroq Osiyo kubogida eng yuqori maqsadni ko‘zlaganmiz. Shartnoma Jahon chempionati oxiriga qadar imzolandi. O‘ylaymizki, mundialda munosib qatnashamiz. Terma jamoalar markazida futzal uchun ham sharoit yaratiladi. Barcha milliy terma jamoalarimizni birgalikda rivojlantiramiz”, deydi Ravshan Ermatov. 

Aytish joiz, endilikda Bahodir Ahmedov Xose Venansio Lopesning yordamchisi sifatida faoliyat yuritadi, uning shtabidagi barcha murabbiylar o‘z ishini davom ettiradi. Bundan tashqari jamoaga fizioterapevt va tahlilchi murabbiy ham taklif etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ravshan Ermatov Bahodir Ahmedov Xose Venansio Lopes Futzal Gvardiolasi Xose Mariya Mendez

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing