“Antistrumin” ishlab chiqargan korxona faoliyati tekshirilyapti
3-sahifa
−
25 Sentabr 2023
12472Ijtimoiy tarmoqlarda dastlab Namangan viloyatining Chust tumanida, keyin esa respublikaning boshqa hududlarida bog‘cha bolalari va maktab o‘quvchilarining zaharlanishiga sabab bo‘lgan yod xalqaro qidiruvdagi shaxs rahbarligidagi MCHJ tomonidan tarqatilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati rasmiy saytida “Samo” MCHJ rahbarining qidiruvda ekani to‘g‘risidagi ma’lumot e’lon qilingan.
Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligining maktablar va bolalar bog‘chalariga “Antistrumin” preparatini yetkazib berish bo‘yicha ko‘p milliard dollarlik tenderda g‘olib chiqqan MCHJ asoschisi Nodir Yunusovga odam savdosi, majburiy mehnat, firibgarlik va korrupsiyaga uchragan tashkilot tuzish ayblovlari qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan SSVning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, SSV huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi tomonidan “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “SAMO” MCHJ korxonasining faoliyati bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
“Tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan zarur ishlab chiqarish amaliyoti, zarur distribyutorlik amaliyoti, zarur saqlash amaliyoti davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lish va korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart bo‘lgan litsenziya talab va shartlari bo‘yicha holatlar o‘rganilmoqda”, deyiladi xabarida.
Shuningdek markazning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari tomonidan “Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ga muvofiq, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda tahlil jarayonlari ketmoqda.
“Shu o‘rinda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi keng jamoatchilikka murojaat qilib, tegishli tashkilotlar tomonidan ushbu dori vositasi bilan bog‘liq holat sabablari aniqlanib, ma’lum qilinmaguncha, asoslanmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘rab qoladi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Namangan viloyatida 71 nafar bolada zaharlanish alomatlari kuzatilgan va shifoxonaga olib kelingan. 22 sentyabrda esa Andijon viloyatida ham 12 nafar bolada zaharlanish aniqlangan. 23 sentyabr kuni Toshkent shahrida ham ko‘plab bolalar zaharlanib, shifoxonaga olib kelingan.
Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Chust tumanida bolalarning zaharlanishi holatidan xabar topib, bundan qattiq tashvishdaligini bildirgandi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ko‘rsatmasi bilan esa maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatildi.
LiveBarchasi