Namanganda to‘yona sifatida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i qamaldi
3-sahifa
−
11 noyabr
7468Kadastr agentligining Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan fuqarodan jarima qo‘llamaslik uchun xodimining to‘yiga to‘yona berishni talab qilgan. QALAMPIR.UZ mazkur ish bo‘yicha sud hukmi bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, tuman kadastr xodimlari tomonidan fuqaro o‘zboshimchalik bilan yer uchastkasi qurib olib foydalanib kelinayotgani uchun unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, 51 mln so‘m jarima solish to‘g‘risida xabar berishgandan so‘ng, fuqaro bo‘lim boshlig‘ining oldiga borib, oilaviy sharoiti yomonligi, buncha miqdordagi jarima to‘lay olmasligini aytib o‘tadi. So‘ngra fuqaro farzandlariga o‘quv qurollari olish uchun birovdan 100 dollar qarz ko‘targanini, shuni berishini bildirgan. Biroq bo‘lim boshlig‘i yana 300 dollar pul mablag‘ini xodimining to‘yiga to‘yona sifatida so‘ragan. U to‘yonani olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
2024 yil 22 avgust kuni fuqaroning arizasi asosida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda bo‘lim boshlig‘i To‘raqo‘rg‘on tumani Oqtosh mahallasi hududida o‘zining Lacetti mashinasida 300 dollarni pora tariqasida olgan. So‘ngra mashinasini harakatlantirib, IIB xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, 300 dollarni mashina oynasidan uloqtirganicha voqea joyidan qochgan. Ammo u pulni olgani Namangan viloyat IIB EKBning xulosasi bilan tasdig‘ini topgan.
Bo‘lim boshlig‘i sudda aybiga qisman iqrorlik bildirgan.
Sud hukmi bilan To‘raqo‘rg‘on tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i Jinoyat kodeksi 210-moddasi 2-qismining “v” bandida (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan Kadastr agentligi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda 1 mln AQSH dollari pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi