Anomal issiqda nimalar qilish kerak?

Salomatlik

image

Yoz faslida odamlar issiq, quruq va quyoshli ob-havodan panoh izlab qoladi. Qishloqlarda yashovchilar issiqdan daraxtlar soyasida, uylarida yoki suv havzalari yonida jon saqlashlari mumkin. Ammo bunday paytda shahar aholisi ancha qiynalib qoladi, chunki shaharlarda transport ko‘p harakatlanadi, ishlab chiqarish rivojlangan. Shuni bilib qo‘yingki, anomal issiq inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi. 

Kuchli terlash tufayli organizmdagi suv va tuz muvozanati buziladi, natijada mushak hujayralarining oziqlanishi va organizmning faoliyati yomonlashadi hamda yurak-qon tomir xuruji holati ortadi. Bunday holatlarda odam o‘zini ehtiyot qilishi zarur. Agar issiq ob-havo sizga ta’sir qilib ulgurgan bo‘lsa, harorat ko‘tarilishi, puls tezlashishi, bosh aylanishi va ko‘ngil aynishi holatlari paydo bo‘ladi. 

Issiqda suvsizlanishni oldini olish uchun ko‘proq toza suv ichish kerak. Kunning eng issiq vaqtida ko‘p suyuqlik ichmaslik maqsadga muvofiq, suvning asosiy qismini kechqurun va ertalab ichish yaxshiroqdir. Chunki bu vaqtda organizm to‘qimalarda namlikni saqlash qobiliyatiga ega bo‘ladi. Issiq havoda esa ozroq suv ichib, muzqaymoq yoki sabzavot va mevalar (pomidor, tarvuz, bodring va h.k) iste’mol qilish foydali. 

Issiq kunlarda oddiy suv ichish yetarli emas, tarkibida kaliy, kalsiy va magniy bo‘lgan mineral suvdan foydalanish yaxshiroqdir. Gazli ichimliklar va limonadlardan esa voz kechish lozim. Ular issiqda yoqimli tuyulgani bilan, buyrak va jigarni ishdan chiqarishi mumkin. Chunki issiq ob-havo paytida buyraklardagi yuk keskin oshadi. 

Barcha organlarning normal ishlashi uchun yotishdan oldin og‘ir ovqatlar iste’molidan voz kechish kerak bo‘ladi, chunki uni hazm qilish orqali tana haroratining oshishi va ko‘p terlash kuzatilishi mumkin. 

Anomal issiqda kuniga 5 mahal oz-ozdan ovqatlanish kerak. Ovqatlangandan so‘ng, 30 daqiqa davomida suv ichish mumkin emas. Shuningdek, issiq ovqatlar o‘rniga sovuq ovqatlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq, masalan, okroshka va sovuq sabzavotli sho‘rvalar. 

Anomal issiqda sovuq suvga sho‘ng‘ish tavsiya etilmaydi. Tana haroratining keskin pasayishi yurak-qon tomirlari spazmini keltirib chiqarishi mumkin. Issiqda iliq dush qabul qilish yaxshidir, chunki undan keyin havo harorati mavjud bo‘lganidan pastroq ko‘rinadi.


Maqola muallifi

Teglar

anomal issiq yoz

Baholaganlar

281

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing