O‘zbekistonda anomal issiq havo ortidan rekord o‘rnatildi
Bu qiziq
−
20 iyul 26129 2 daqiqa
Joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekistonda kuzatilgan ekstremal issiq havo oqibatida respublikaning qator hududlarida yangi harorat rekordlari qayd etildi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Qayd etilishicha, havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib, respublikaning aksariyat hududlarida eng yuqori ko‘rsatkich joriy yilning 18–19 iyul kunlariga, shimoli-g‘arbiy hududlarda esa 16–18 iyul kunlariga to‘g‘ri kelgan.
Mazkur davrda respublikaning aksariyat hududlarida havo harorati 43–45 daraja, janubiy va cho‘l hududlarida esa 46–49 darajagacha ko‘tarilgan.
O‘zgidrometga ko‘ra, kuzatilgan haroratlar O‘zbekiston hududida meteorologik kuzatuvlar olib borilgan davr mobaynida qayd etilgan mutlaq maksimum ko‘rsatkichlarga juda yaqinlashgan. Ayrim hududlarda esa yangi harorat rekordlari o‘rnatilgan.
Jumladan, Nurafshonda havo harorati 44 darajani tashkil etib, 1983 yilda qayd etilgan 42,7 darajalik rekord yangilangan. Buxoroda 46,9 daraja (avvalgi rekord — 46,2 daraja, 2005 yil), Navoiyda 46,5 daraja (45,9 daraja, 2021 yil), Samarqandda 43,6 daraja (42,4 daraja, 1983 yil), Arnasoyda 46,5 daraja (44 daraja, 2021 yil), Shahrisabzda 44,9 daraja (44,6 daraja, 2021 yil), Sariosiyoda 43,8 daraja (43,2 daraja, 2021 yil) qayd etilgan.
Shuningdek, Andijonda 43 daraja, Namanganda 44,2 daraja, Popda 43 daraja, Farg‘onada 43,9 daraja, Quvada esa 42,5 daraja qayd etilib, avvalgi mutlaq maksimumlar ortda qoldirilgan.
Toshkent shahrida esa kecha, 19 iyul kuni havo harorati 44,3 darajani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich poytaxtda 1997 yil 18 iyul kuni qayd etilgan mutlaq maksimumdan atigi 0,3 daraja past bo‘lgan.
Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysi viloyat markazlarida maksimal harorat bo‘yicha rekordlar ushbu davrda 2–3 marta yangilangani qayd etilgan.
Mutaxassislar ushbu ekstremal issiqni termik depressiya ta’siri bilan izohlagan. Unga ko‘ra, Eron hududi ustida yuqori troposferada kuchli baland bosim tizmasi shakllanib, uning tarkibidagi nihoyatda issiq havo massasi shimoli-sharq tomonga siljigan. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari hududida bulutlilik keskin kamayib, quyosh radiatsiyasi kuchaygan va yer yuzasining qizishi hisobiga havo harorati favqulodda yuqori qiymatlarga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bu hafta kunduzi havo harorati 32–37 darajagacha, ayrim joylarda esa 30 darajagacha tushishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi