“Anneksiya va referendumlar teatri”. Dunyo yetakchilari Putinning qarori haqida nima deyapti?

Olam

image

Yevropa Ittifoqi davlatlari, NATO, “Katta yettilik” va dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaning to‘rtta hududini anneksiya qilganini, Prezident Vladimir Putin kecha, 30 sentyabr kuni imzolagan “shartnoma”ni keskin qoraladi. Jahon yetakchilari Ukrainaning anneksiya qilingan Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiya Federatsiyasining bir qismi sifatida tan olish niyatida emasliklarini bildirdilar, shuningdek, bir qator davlatlar Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishga ham ulgurdi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari “anneksiya va soxta referendumlar teatri”ni qoraladi

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiya Ukrainaning to‘rt viloyatini anneksiya qilganini “BMT Nizomini qo‘pol ravishda buzish” deb atadi.

“Anneksiya va soxta referendumlar teatri” bu “yarim yildan beri ko‘rayotgan narsamiz – shafqatsiz zo‘ravonlik bilan kechayotgan yer egallab olinishini tasavvur qilib bo‘lmaydigan usullar bilan” yashirishga urinishdir”, deydi Berbok.

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari dunyoning birorta davlati bunga rozi bo‘lmasligini urg‘uladi.

AQSH “Ukraina hududlarini anneksiya qilishga qaratilgan firibgarlikni” qoraladi

AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya, Shveysariya, Isroil, Janubiy Koreya, Moldova va boshqa davlatlar ham Ukrainaning anneksiya qilingan hududlarini Rossiya Federatsiyasining qismi sifatida tan olish niyatida emasligini e’lon qildi.

“AQSH Rossiyaning Ukraina hududini anneksiya qilishga bo‘lgan firibgarlik harakatini qoralaydi. Rossiya xalqaro huquqni buzmoqda, BMT Nizomini buzmoqda va tinchliksevar xalqlarga nisbatan nafratini namoyish etmoqda”, deyiladi Oq uy bayonotida.

Putin Ukraina hududlarini Rossiya Federatsiyasiga “qo‘shib olish” to‘g‘risidagi farmonni imzolaganidan so‘ng, AQSH va Buyuk Britaniya Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar kiritilishini e’lon qildi. Boshqalar qatorida Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina Vashington va Londonning sanksiya ro‘yxatiga kiritildi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning rafiqasi va qizi ham AQSHning jazo choralari ostida qoldi.

G7 anneksiya va qurol yordamida o‘tkaziladigan “referendumlar”ni tan olmaydi

“Katta yettilik” (G7) mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari ham Rossiyaning Ukraina hududlarini anneksiya qilishini va “qurol ostida o‘tkazilgan” soxta “referendumlar”ni hech qachon tan olmasligini bildirdi.

“Biz Donetsk, Lugansk, Xerson, Zaporoje viloyatlari va Qrim Ukrainaning ajralmas qismi ekanligini yana bir bor ta’kidlaymiz”, deyiladi ularning qo‘shma bayonotida.

Katta yettilik mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga nisbatan keyingi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanilishidan ogohlantirgan.

YeI: Kremlning yadroviy tahdidlari va safarbarligi bizning qarorimizni o‘zgartirmaydi

Yevropa Ittifoqi ham xuddi shunday pozitsiyani egalladi.

“Biz noqonuniy “referendumlar”ni yoki ularning soxtalashtirilgan va noqonuniy natijalarini hech qachon tan olmaymiz. Ushbu qarorlar qonuniy kuchga ega emas va hech qanday huquqiy oqibati yo‘q. Qrim, Xerson, Zaporoje, Donetsk va Lugansk Ukrainadir”, deyiladi Yevropa kengashi bayonotida.

Yevropa Ittifoqi “qat’iy Ukraina va uning xalqi tomonida”, deb ta’kidladi Yevropa kengashi.

“Kremlning yadro tahdidlari, harbiy safarbarlik va Ukraina hududini Rossiya deb noto‘g‘ri ko‘rsatish va hozir urush Rossiya hududida olib borilishi mumkinligi haqidagi da’vo strategiyasi bizning qarorimizni o‘zgartirmaydi”, deyiladi bayonotda.

NATO esa Ukraina o‘z hududini bosqindan ozod qilishga haqli ekanini, shuning uchun alyans uni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

108

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing