“Putinning tahdidi befoyda”. NATO Ukrainani yerlarini ozod qilish uchun qo‘llashdan to‘xtamaslikka va’da berdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yadroviy tahdidlari NATOni Ukrainani o‘z hududlarini ozod qilishda qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtata olmaydi. Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg kecha, 30 sentyabr kuni Bryusseldagi matbuot anjumanida shunday fikr bildirdi.

“Albatta, Ukraina hozirda Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan hududini qaytarishga haqli. Biz ularni (ukrainaliklarni – tahr.) qo‘llab-quvvatlayotganimizning sababi shudir. Ular o‘zlarini himoya qilishlari, shu bilan birga hududni ozod qilishda davom etishlari uchun”, deydi Bosh kotib.

Uning qayd etishicha, Rossiyaning Ukraina hududini anneksiya qilishga noqonuniy urinishi bu maqsadni o‘zgartirmaydi.

“Chunki agar biz Rossiya anneksiyasini va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizga to‘sqinlik qilgan yadro quroli po‘pisa qilishga ko‘z yumsak, yadroviy shantajni qabul qilamiz. Shunda biz Rossiya kabi avtoritar davlatlar yadro qurolini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali o‘zlari xohlagan narsaga – qo‘shni Ukraina ustidan nazorat o‘rnatishiga rozi bo‘lamiz”, degan Stoltenberg.

U NATO Ukraina o‘zini tajovuzkordan himoya qilishi uchun uni qo‘llab-quvvatlash huquqiga ega ekanini qayd etgan. Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning yadroviy tahdidi xavfli va o‘ylanmagan harakat ekanini ta’kidlagan.

“Albatta, NATO hushyor. Biz Rossiya nima qilayotganini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Rossiya tushunishi kerakki, yadroviy urushda hech qachon g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, agar u yadro qurolidan foydalansa, bu Rossiya uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Va bu Rossiyaga juda aniq ma’lum qilindi”, deydi Bosh kotib.

U so‘zi so‘nggida NATO Ukraina qo‘llayotganini va qo‘llashda davom etishini, ukrainlar o‘z hududlarini ozod qilishga haqli ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

148

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing